AQShning Yaqin Sharqdagi kuchlari bosh qo'mondoni general Kennet Makkenziga ko’ra, Amerika Iroqda kam sonli qo’shinlar bilan ham IShID terrorchi guruhini tiyib tura oladi. Bu haqda u “Amerika Ovozi”ga bergan eksklyuziv suhbatida aytdi.
"Biz Iroqdagi ishni kam sonli AQSh kuchlari bilan hal qilishimiz mumkin va ular sonini qisqartirish hamma bilan yaqindan kelishilgan holda amalga oshiriladi", - dedi AQSh Markaziy qo'mondonligi rahbari.
Hozirgi kunda Iroqda AQShning 5000-6000 atrofida askari bor. Ularning soni qanchaga qisqartirilishi ma’lum emas.
AQSh mudofaasi rasmiysi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda shu oyning oxirida AQSh-Iroq muloqoti natijasida Iroqda AQSh kuchlarini kamaytirish rejalari haqida ko'proq ma'lumot olish mumkinligini aytdi. AQSh va Iroq vakillari Vashingtonda uchrashadimi yoki virtual muzokaralar o'tkazadimi, bu hozircha noma’lum.
Makkenzining aytishicha, AQSh va boshqa xalqaro qo'shinlar turadigan bazalarga Eronga aloqador guruhlar tomonidan bo’ladigan hujumlarni to’xtatish masalasida Iroq hukumati ko’rayotgan choralar o’z samarasini bermoqda.
"Shu sababli biz AQSh bazalariga hujumlar kamayganini ko'rdik", - dedi Makkenzi.
Generalning ta'kidlashicha, Eron katta diplomatik va iqtisodiy tazyiq ostida, ammo harbiy tahdid salohiyatini, shu jumladan, ballistik raketa kuchlari va Islomiy inqilob qo'riqchilar korpusini himoya qilish uchun o'z xalqi zarariga qurbonlar berishga tayyor.
"Bir necha oy oldingiga qaraganda hozir Erondan tahdid kamroq deb hisoblayman", - dedi u.
Tolibon o'z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarmayapti
Seshanba kuni Kobulga tashrif buyurgan qo'mondonning so'zlariga ko'ra, isyonchi guruh AQSh-Tolibon kelishuvida ko’rsatilgan majburiyatlarini bajarmayapti.
"Tolibon AQSh yoki koalitsiya kuchlariga hujum qilmaslik bo’yicha qat’iyat ko’rsatgan bo'lsa-da, afg'onlarga qarshi zo'ravonlik avvalgidan ham yuqori", - dedi Makkenzi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Seshanba kuni Pentagon so’zlovchisi Jonatan Xoffman Vashington kelishuvning o’ziga tegishli qismini bajarayotganini aytdi.
“Amerika Qo'shma Shtatlari Afg'onistondagi o'z kuchlarini 8,6 mingtagacha qisqartirishga va besh bazadan chiqib ketishga rozi bo’lgan. Biz bu majburiyatni bajardik" - dedi Xoffman o'z bayonotida.
Makkenzining ta'kidlashicha, AQShning Afg'onistondagi ishtiroki sezilarli darajada kamayishi uchun afg'onlararo muloqot boshlanishi kerak va AQSh Tolibon “Islomiy Davlat” hamda “al-Qoida” terrorchi guruhlariga yordam ko’rsatmasligiga amin bo'lishi kerak.
"Hozircha men uchun Tolibonning bu sohalarda ijobiy qadamlar qo'ygani aniq emas", - dedi u "Amerika Ovozi"ga.
Makkenzi, shuningdek, AQSh askarlarini o'ldirish uchun Rossiya Tolibonga mukofotlar taqdim etganligini isbotlovchi hech qanday ma'lumot topmaganligini aytdi.
"Biz o’rganishni davom ettirmoqdamiz. Bu holatning juda tashvishli ekani haqidagi qarashim o’zgargani yo’q, ammo bu narsa haqiqatda sodir etilganini tasdiqlovchi ma’lumot ham yo’q", - dedi u.
AQSh harbiy qo'mondonlarining ta'kidlashicha, yillar davomida Rossiya AQShning Afg'onistondagi harakatlariga to’sqinlik qilishga urinib kelgan. Masalan, 2017-yilda Afg'onistondagi AQSh qo'shinlarining o'sha paytdagi qo'mondoni general Jon Nikolson Rossiya AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi kurashish uchun Tolibonni qurollantirayotgani haqida xabar bergan edi.
Makkenzining aytishicha, isyonchilarni qurollantirish va o’ldirish uchun sovg'alar berish o'rtasidagi farq "inson omili bilan bog’liq".
"Menimcha, shunisi aniqki, bu axloqiy jihatdan jirkanch va G'arbning urush qadriyatlariga zid. Biz bunday qilmaymiz, shuning uchun men hatto bu haqda o'ylab ko'rishni ham juda yoqimsiz deb bilaman” - dedi u.