Janubiy Afrikada atrof-muhit faollari oltin konidan qolgan zaharli chiqindilarni tozalalamagani uchun hukumat va konchilik kompaniyasini sudga berdi. Ular radiatsiya ta’siriga uchragan mahalliy aholiga tovon puli to’lanishini talab qilmoqda.
Bu yer “Minteyls” oltin konidan qolgan tashlandiq joy. Avstraliyaga qarashli kompaniya va hukumat atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun sudga berildi.
Bu huquqiy da’vo ortida Barqaror atrof-muhit federatsiyasi turibdi.
“Biz rahbarlar jinoiy javobgarlikka tortilsin, demayapmiz, ammo hukumat kompaniya direktorlariga chora ko’rishi kerak, toki bu boshqalarga saboq bo’lsin”, - deydi federatsiya rahbari Mariet Lieferink.
“Minteyls” kompaniyasi o’tgan yili yopildi. Ortidan qarovsiz va tashlandiq konlar qoldi.
Bu orada Tabiiy va energiya resurslari vazirligi uzoq muddatli sud ishidan qochib, masalani suddan tashqarida hal qilishga urinmoqda.
“Jamiyat uchun yechim topishni xohlaymiz. Shuningdek, konlar qaytib kelib, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan tarzda ishlashini istaymiz. Bu bilan hududda aholini xavotirga solayotgan noqonuniy konchilikka ham barham beramiz”, - deydi vazirlik rasmiysi Sandey Mabaso.
Tyudor Shaft kabi aholi yashaydigan hududlar kondan chiqqan zaharli chiqindilar tufayli radiatsiyaga uchragan, deydi Mariet Lieferink.
“Bu yer radioaktiv zararlangan hudud. Radiatsiya darajasi ancha ko’paygan. O’n yillardan beri bu yerdagi aholi portlashlardan, changdan va ochiq konlardan radiatsiyaga duchor bo’lib kelgan”, - deydi faol.
Aholining bir qismi boshqa joyga ko’chirilgan, ammo ko’pchilik o’z uyida qolgan.
“Infratuzilma, suv va elektr yo’q. Bu yerda 1995-yildan beri odamlar yashaydi. Turli davlat idoralari bilan muammoni hal qilishga harakat qildik, ammo ko’chish bo’yicha takliflarimizga hech qanday javob olmadik”, - deydi yana bir faol Lukas Mitsipitso.
Sudga topshirilgan da’voning qanday yakun topishi hozircha noma’lum. Lekin dunyodagi eng yirik oltin konlaridan biriga yaqin bu hudud tez orada tozalanmasligi aniq.