AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Ayova shtatida nutq so’zlar ekan, AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo e’tiqod erkinligini “Konstitutsiyaga ko’ra eng birinchi o’rinda turadigan erkinligimiz”, “AQSh siyosatida ham ana shu daxlsiz huquqqa yuksak ehtirom ustuvorlik qiladi” deya ta’kidladi.
E’tiqod erkinligi dunyoning ko’plab mamlakatlarida tahdid ostida qolmoqda. Davlat kotibining ta’kidlashicha, dunyo bo’ylab har besh kishining to’rttasi diniy erkinligi toptalayotganidan aziyat chekmoqda. AQSh ana shu muammoga qarshi kurashish yo’lida barcha imkoniyatlarini yo’lga solmoqda. Diniy erkinlik bo’g’ilayotgan mamlakatlarni fosh qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Vashington Xitoyning dinga qarshi kurashini qoralamoqda. Uyg’ur va boshqa musulmon xalqlarining ommaviy hibsga olinishi va Bosh kotib Si Zinpin ko’rsatmasi asosida xristian ibodatxonalariga bosim o’tkazish hollariga ko’z yumib bo’lmaydi”, - dedi Pompeo.
So’nggi ikki yilda AQSh davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va diniy yetakchilari ishtirokida e’tiqod erkinligi himoyasi bo’yicha o’tkazilgan ikki xalqaro anjumanga mezbonlik qildi.
“AQSh hukumati o’z xalqi va dunyo aholisining daxlsiz huquqlarini himoya qilishni ustuvor vazifa deb biladi. Davlatimiz asoschilari daxlsiz huquqlarni kashf qilgan emas. Biroq Mustaqillik deklaratsiyasida insonlar “teng yaratilgan”i va “daxlsiz huquqlar odamga uning yaratuvchisi tomonidan in’om etilgan”ini qayd etgan. Yashash, erkinlik va baxt uchun intilish ana shu uzviy huquqlardandir”, - dedi AQSh bosh diplomati.
“Mamlakatimizga asos solgan ajdodlarimiz singari inson huquqlarining uzviy, daxlsiz va barcha uchun umumiy ekaniga ishonsak, ana shu tamoyillarni himoya qilish har bir diplomatik missiyaning asosini tashkil etishi kerak”, - deya ta’kidladi Pompeo.