Qoraqalpog'istonda ta'qib qilinayotgan jurnalistlar nima deydi?

Qoraqalpog‘istonda yolg’on axborot tarqatishda gumonlanib ta’qibga olingan jurnalistlar ishini ko’rib chiqish prokuraturadan Ichki ishlar boshqarmasiga o’tkazilgan.

Bu ish hamon yolg’on xabar tarqatish bo’yicha davom etmoqdami yoki jurnalistlarga bosim o’tkazgan prokuratura xodimlariga nisbatan choralar ko’rishni ham nazarda tutmoqdami, noma’lum.

Qoraqalpog’iston prokuraturasida so’roqda bo’lgan jurnalistlarning “Amerika ovozi”ga aytishicha, ularga faqat ish prokuraturadan Ichki ishlarga o’tkazilgani ma’lum qilingan, xolos.

Avvalroq, Bosh prokuror o’rinbosari Svetlana Ortiqova jurnalistlarni yarim tunda so’roqqa chaqirgan prokuratura xodimlariga tanbeh berilganini bildirgan edi.

Ammo bosimga uchragan qoraqalpoq jurnalistlari prokuratura ustidan shikoyat kiritish maqsadida emas.

So’roqqa tutilgan jurnalistlardan biri Lolagul Kallixanovaga ko’ra, shaxsan unda prokuraturaning noqonuniy harakatlari ustidan shikoyat kiritish uchun hafsala qolmagan. Jurnalistlarga asossiz bosim ko’rsatgan prokuratura shundoq ham butun dunyo nigohida o’z nufuziga putur yetkazishga ulgurdi.

“Hozir bu voqeani tezroq unutib, diqqatimni o’z faoliyatimga qaratmoqchiman, prokuraturaning bu so’roqlari jurnalist sifatida meni yana tobladi”, - deydi “Makon.uz” nashri muharriri Kallixonava.

Qoraqalpog’istonda jurnalistlarning bosimiga uchrashiga bir qator xalqaro tashkilotlar diqqat qaratdi. Hukumat bosimlarni to’xtatishga, axborot tarqatish huquqini kafolatlashga chaqirildi.

Yaqinda Qoraqalpog’istonga bu voqeaga nisbatan Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti ham o’z munosabatini bildirdi.

Tashkilot 3-avgust kuni tarqatgan bayonotida Qoraqalpog’iston hukumatining yarim tunda jurnalistlarni so’roqqa chaqirib, qo’rqitish aksiyasi o’tkazgani keskin qoralanadi.

Chegara bilmas muxbirlar o’z bayonotida O’zbekiston Jinoyat Kodeksiga pandemiya tufayli kiritilgan yangi o’zgarish, 244-moddaga muvofiq, yolg’on axborot tarqatganlik uchun 8 ming yevrogacha jarima yoki uch yilgacha qamoq jazosi joriy etilganiga diqqat qaratadi.

Jinoyat Kodeksiga kiritilgan aynan shu o’zgarish tufayli O’zbekiston hukumati AQSh davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan ro’yxatda ham qayd etilgan edi.

Pandemiyadan inson huquqlarini cheklash maqsadida foydalanayotgan davlatlarni nazarda tutuvchi bu ro’yxatda O’zbekistonda yolg’on axborot tarqatish uchun jazo choralarining kuchaytirilishi so’z erkinligi bo’g’ilishiga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Chegara bilmas muxbirlarga ko’ra ham, O’zbekiston Jinoyat Kodeksiga kiritilgan bu o‘zgarish so’z erkinligini cheklashga xizmat qiladi. Ayni paytda bu moddaning jurnalistlarga nisbatan qo’llanilishi Musa Erniyozovning o’limi rasman tasdiqlanishi ortidan mavhum qolmoqda.

Qoraqalpog’iston Jo’qorg’i Kengesi raisi Erniyozovning o’limi rasman 31- iyul kuni tasdiqlandi.

Toshkentdagi, shuningdek, Qoraqalpog’istondagi bir qator nashrlar Erniyozovning koronavirusdan vafot etgani haqida bundan olti kunlar muqaddam xabar bergan edi.

Shundan so’ng Erniyozovning o’limi haqida xabar bergan Qoraqalpog’istondagi “Makon.uz”, “Kar24.uz”, “Kruz.uz” nashri jurnalistlari Lolagul Kallixonova, Qumar Begniyozova, Iskandar Yusupovlar yarim tunda o’z uylaridan prokuraturaga olib ketilgan va so’roq qilingan edi.

So’roq davomida jurnalistlardan ularning qo’l telefonlari, kompyuterlari ham musodara qilingan, ammo keyinchalik qaytarib berilgan.

Shu bilan bir qatorda, Erniyozovning o’limi haqida xabar bergan dastlabki manba Toshkentdagi “Repost.uz” nashri nima sababdan so’roqqa chaqirilmagani qoraqalpoq jurnalistlariga ancha g’alati ko’ringan. Ular buning sababini Toshkentdagi nashr ortida “kuchliroq” muassis turgan bo’lishi ehtimoli bilan izohlamoqda.

So’roqqa chaqirilgan qoraqalpoq jurnalistlardan birining “Amerika ovozi”ga aytishicha, haqiqatdan Musa Erniyozovning qachon vafot etgani bahsli masala. Chunki u uzoq vaqt sun’iy nafas yetkazib beruvchi apparatga ulangan holda komada yotgan.

Katta ehtimol bilan, matbuotda Erniyozovning o’limi haqida norasmiy xabar tarqashi va prokuraturadagi so’roq bilan bog’liq mojarolar sun’iy apparatdan uzish qarorini kechiktirgan bo’lishi mumkin.

Qoraqalpog’istonda jurnalistlarning so’roqqa chaqirilishi pandemiya davrida o’zbek jurnalistlari, blogerlariga hukumat tomonidan ko’rsatilgan navbatdagi bosimlardan biri.

Hozirgacha bir nechta jurnalistlar, blogerlar noto’g’ri xabar tarqatish, hokimiyat vakiliga, karantin choralariga bo’ysunmaslik kabi vajlar bilan ma’muriy jazoga tortildi. Ayrimlari bir necha sutkalik qamoq jazosini ham o’tab chiqdi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining ta’kidlashicha, Qoraqalpog’iston O’zbekiston tarkibidagi yagona muxtor respublika. Ayirmachilik harakatlaridan cho’chiyotgan Toshkent muxtor respublika matbuoti, jurnalistlari ustidan nazoratni kuchaytirishga harakat qilmoqda.