Breaking News

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi jurnalistlarni ta'qib qilganmi?


Portlend shahrida namoyishlar tinmayapti
Portlend shahrida namoyishlar tinmayapti

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligiga ko'ra, hozirda biror jurnalist ustidan "maxfiy axborot" yig'ilayotgani yo'q. O'tgan hafta 'Vashington Post" gazetasi vazirlikni matbuot xodimlarini zimdan kuzatayotganlikda qoralab, ularning faoliyati haqida "razvedka ma'lumotlari to'plamoqda", deya katta material bergan edi.

Gazeta fosh etishicha, irqiy tengsizlikka qarshi namoyishlarni yoritayotgan ikki jurnalist ustidan uch maxsus hisobot yozilgan.

Bu hujjatlarda muxbirlarning federal agentlar namoyishlarni tinchitish uchun nima qilayotgani, zobitlar qanday safarbar etilayotgani xususida tizimda ishlaydiganlardan olingan ma'lumotlar berayotgani qayd etilgan. Ya'ni, jurnalistlar axborotni hukumatdagi manbalaridan olgan.

Vazirlikning Razvedka va tahlil idorasi muntazam hisobotlari bilan shtat va mahalliy huquq tartibot organlari hamda xususiy hamkorlari bilan baham ko'radi, deydi mutasaddilar, lekin aynan jurnalistlar haqidagi tahlilnomalarini darhol bekor qilib, hozirda bu ishni tekshirmoqda.

Portlend, Oregon shtati
Portlend, Oregon shtati

Vazirlik bayonotiga ko'ra, fuqaro huquq va erkinliklari, so'z va matbuot erkinligi aslo buzilmaydi va har bir xodim o'z ishiga qonunlarga binoan professional mas'uliyati va xolislik bilan yondashishi talab qilinadi.

Portlend va Nyu-Yorkdagi namoyishlarda fuqaro kiyimidagi agentlar odamlarni rasmiy belgisi bo'lmagan mashinalarga solib olib ketayotgani aniqlangan.

Vazirlik hisobotlariga tushgan ikki jurnalist xavfsizlik masalalarini yoritib tanilgan mutaxassislar - Mayk Beyker, "Nyu-York Tayms" gazetasi muxbiri va Benjamin Uittes, "Lawfare" degan nashr bosh muharriri.

Jurnalistlar o'z materiallarida rasmiylar orasida ketayotgan muhokamalarni aks ettiruvchi yozishmalarni ishlatgan. Ularda tizimdagi nuqsonlar va xatolar haqida gap ketadi. Bu yozishmalarning birortasi maxfiy ma'lumotlar kategoriyasida emas. Jurnalistlar o'z ishiga va axborotga etik va professional me'yorlardan kelib chiqqan holda yondashganini aytadi.

"Vazirlik tutgan yo'l jurnalistlarni xavotirga soladi va ularning faoliyatiga salbiy ta'sir qiladi", - deydi Nora Benavides, matbuot erkinligini targ'ib qiluvchi "Pen America" tashkiloti vakili.

"Konstitutsion huquqlarimizga jiddiy tahdid bu. Jurnalistika va erkin matbuot jinoyat emas. Bunday ishlarni odatda nodemokratik davlatlarda ko'ramiz", - deydi ekspert.

Matbut erkinligi uchun muxbirlar qo'mitasi deya nomlangan tashkilot ham hukumatni har qanday sharoitda jurnalistlarga hech bir jihatdan to'sqinlik qilmaslikka, ularni shubha va gumon ostiga qo'ymaslikka chaqirmoqda.

“Federal qonunlar bunday munosabatni man etadi. Jurnalistlar hukumat faoliyatini ochib bersagina, xalq haqiqatni biladi,” - deydi Geyb Rottman, tashkilot vakili.

Vazirlikka ko'ra, "maxsus hisobot" ortidagi odamlar javobgarlikka tutiladi. Tekshiruv natijasi butunlay oshkor qilinishi kerak, deydi ekspertlar.

Jurnalistlarga ko'ra esa bunday egri ishlar birinchi marta kuzatilmayapti. Meksika-AQSh chegarasidagi vaziyatni yoritgan muxbirlar, immigratsion jarayonlarni tekshirib, tahlil qilib kelayotgan jurnalistlar hukumatning "qora ro'yxatiga" tushganini va to'siqlar qo'yilganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG