Tramp konspiratsiya nazariyalariga ishonadimi?

  • Amerika Ovozi

"QAnon" harakati tarafdori Prezident Donald Tramp kampaniyasi uyushtirgan yig'inda.

Prezident Donald Tramp konspiratsion qarashlarni targ’ib qiluvchi “QAnon” harakati tarafdorlarini maqtab, ularning qo’llab-quvvatlovidan minnatdor ekanini bildirdi.

Tramp harakatning asossiz mish-mishlar tartqatishi haqida ko'p eshitmaganligini aytib, "ular meni yoqtiradi" va bu harakat “tez ommalashmoqda”, deb ta’kidladi.

Oq uydagi matbuot anjumanida nutq so'zlagan Tramp, "men bu odamlar bizning mamlakatimizni sevadigan odamlar ekanligini eshitdim", deb fitna nazariyasini qo'llab-quvvatlovchilar haqida iliq munosabat bildirdi.

Bu Trampning harakat haqida bildirgan birinchi ommaviy izohi. Prezident avval ham uning nomzodini qo'llab-quvvatlaydigan ekstremistlarni qoralashdan o’zini tiyib kelgan.

“QAnon” tarafdorlari 2017-yil internetda paydo bo’lgan. Ularning ovozi borgan sari kuchayib, siyosiy maydonda ham yangrashni boshladi. Ularga ko’ra, hukumatda Trampga qarshi til biriktirgan maxfiy guruh bor va bu guruh bolalarning jinsiy savdosi bilan shug’ullanadi. Harakat ma’lumotlarni "Q" nomi bilan tanilgan, noma'lum, yuqori martabali hukumat amaldoridan olishini aytadi.

Tramp “QAnon”ning ijtimoiy tarmoqdagi ma’lumotlarini “Twitter” orqali o’quvchilariga ulashgan. Prezident uyushtirgan ommaviy yig’inlarda “QAnon” belgilari tushirilgan kiyimdagi odamlar uchrab turadi.

May oyida Federal Qidiruv Byurosi fitna nazariyasiga asoslangan ekstremistlar ichki terrorizm manbasi ekani haqida ogohlantirgan edi. Idora tarqatgan axborotnomada “QAnon” ham tilga olingan. O'tgan yil boshida Janubiy qashshoqlik huquq markazi ham ushbu harakat hukumatga qarshi ekstremistlar orasida tobora ommalashib borayotganidan xavotir bildirgan edi.

Trampning izohlari uning demokrat raqibi, sobiq vitse-prezident Jo Bayden kampaniyasi tomonidan qoralandi.

"Sharlotsvildagi neo-natsistlar va ultra oq millatchilarni "yaxshi odamlar" deb atagan, Jorj Floydning o'ldirilishidan keyin bosh ko’targan tinch namoyishchilarni ko’zni yoshlantiruvchi gaz bilan haydagan Donald Tramp FQB ichki terrorizm tahdidi deb topgan fitna nazariyasini qonuniylashtirishga harakat qildi, - dedi Bayden vakili Endryu Beyts. - Mamlakatimiz har qachongidan bizni yaxshiroq birlashtiradigan yetakchiga muhtoj. Bu yanada mukammal ittifoq tuzish uchun kerak. Biz bu kurashda millatimiz ruhi uchun g'alaba qozonishimiz kerak".

“QAnon” tarafdorlari Trampning so’nggi bayonotini olqishlar bilan kutib oldi. Ular Tramp izohini harakat da’volarining tasdig’i sifatida qabul qilmoqda.

Tramp uzoq vaqtdan beri bizga kodlangan xabarlar oqali qo'llab-quvvatlovini bildirib kelmoqda, deydi harakat izdoshlari. “Twitter” foydalanuvchilaridan biriga ko’ra, Trampning chorshanba kuni pushti galstukni tanlaganligi ham da'vatni qo'llab-quvvatlashining yana bir signalidir.

Trampning izohi Jorjiya shtatida respublikachi Marjori Teylor Grin partiya ichki saylovlarida Vakillar palatasi uchun nomzodlikni qo’lga kiritganidan bir hafta o'tgach paydo bo'ldi. Grin “QAnon” fitna nazariyasini "tinglashga va e’tibor qaratishga arzrirli masala" deb aytgan va “Q” ismli noma’lum shaxsni "vatanparvar" deb atagan edi.

Tramp Grinni "kelajakdagi Respublikachilar yulduzi" deb maqtagan.

Tramp avval ham yolg’on yoki konspiratsiya nazariyasiga asoslangan ma’lumotlarni tarqatgan. U o'tgan hafta demokrat Kamala Harrisni, Kaliforniya shtatining Oklend shahrida tug'ilgan bo'lishiga qaramay, vitse-prezidentlik lavozimiga huquqiy jihatdan loyiqligiga shubha bilan qaragan edi.

Bu haqda savol berilganda, Tramp immigrantlar farzandi bo’lgan Harris Oq uyda xizmat qilish talablariga javob bermasligi haqidagi gap-so’zlarni eshitganini aytdi. Prezidentga ko’ra, bu mish-mishlar ortida "jiddiy" asoslar bor. Ammo keyinchalik u va uning kampaniyasi bu da’volarga jiddiy e’tibor qaratmayotganini bildirdi. Konstitutsion huquq bo’yicha mutaxassislar esa Harris haqidagi mish-mishlarni bema'nilik deb atadi.

“Facebook” ijtimoiy tarmog’i Tramp izohlaridan bir necha soat avval “QAnon”ga aloqador ba’zi “Facebook” guruhlari va akkauntlari yopilishi haqida e’lon qildi.