Tramp universitet va maktablarni ochishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh rahbari Donald Tramp COVID-19 pandemiyasi tufayli auditoriya mashg’ulotlarini bekor qilayotgan universitetlarni tanqid qildi. Prezidentga ko’ra, onlayn mashg’ulotlar odamlar salomatligini himoyalamaydi. Aksincha, aholi hayotini xavf ostiga qo’yadi.

Oq uyda 19-avgust kuni o’tgan brifingda so’zlar ekan, Tramp virus talaba yoshidagilar uchun mavsumiy grippday gap ekanini ta’kidladi. Yoshlarning universitet yotoqxonalarida qolishi katta yoshli oila vakillari bilan o’z xonadonida yashashidan xavfsizroq, dedi prezident. Biroq Tramp o’z fikriga biror dalil keltirmadi. Uning nimaga asoslanib bunday fikr bildirganiga doir so’rovga Oq uy javob bermadi.

Ekspertlarga ko’ra, koronavirus pandemiyasida o’lim nisbati mavsumiy grippnikidan ancha yuqori. Koronavirus grippga nisbatan ancha oson yuqadi. Yana bir muhim farq shundaki, koronavirusga qarshi vaksina hanuz yo’q. Gripp vaksinasi esa bor.

“Yoshlarning universitet yotoqxonalarida o’z tengqurlari bilan yashashi uyda yoshi kattalarga virus yuqtirishidan ko’ra xavfsizroq bo’ladi”, - dedi Tramp.

Aksariyat talabalar kamida 18 yoshda. Yoshlarning koronavirusga yo’liqish ehtimoli bolalarnikiga nisbatan yuqori. Virus keksalar uchun xavfli. Biroq profilaktika markazlari tarqatgan ma’lumotga ko’ra, virusga chalingan yoshlarni yo’tal, holsizlik va tana qaqshashi kabi alomatlar ikki-uch haftagacha qiynaydi.

Bir necha haftadirki, Tramp maktablar va universitetlarni ochishga chaqirmoqda. Prezident buni xavfsiz amalga oshirish mumkinligini uqtirishga urinmoqda. Aks holda, maktablar uchun ajratiladigan moliya qisqartirilishini ta’kidlamoqda. Qayta ochilmagan universitetlarni soliqlardan ozod etish imtiyozi bekor qilinishini aytmoqda.

“Auditoriya va sinfxonalarga hech narsa teng kelmaydi. O’qituvchi qarshisida ilm o’rganish kompyuter ekranlari qarshisida kechgan mashg’ulotdan samarali bo’ladi”, - dedi Oq uy rahbari.