Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti O'zbekiston hukumatini Bobomurod Abdullayev ishini bekor qilishga chaqirmoqda. Abdullayevning erkin harakat qilish huquqi cheklanmasin, deya undaydi HRW bugungi bayonotida.
9-avgust uni Bishkekda hibsga olingan Abdullayev 22-avgust kuni Qirg'iziston hukumati tomonidan O'zbekistonga topshirilgan edi. Toshkentga olib kelinganidan bir necha soat o'tib, jurnalist shartli ravishda qo'yib yuborilgan.
“Bobomurod Abdullayev hibsdan ozod etilganidan mamnunmiz, lekin unga nisbatan ochilgan jinoiy ish, bizning aniqlashimizcha, soxta ayblarga asoslangan va jurnalistni qayta hibsga olish ehtimoli bor", - deydi Hyu Villyamson, HRWning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha rahbari.
47 yoshli Abdullayev 2017-yilda Usmon Haqnazar taxallusi bilan yozgan maqolalari, Islom Karimov boshqaruvi haqidagi materiallari uchun qamoqqa olingan va 2018-yilning may oyida ozod etilgan edi. Hibsda u qiynoqqa solingan. Bu masala sudda muhokama qilingan. Abdullayevga shartli jazo belgilangan va jurnalist uni o'tagan.
Oxirgi paytda Abdullayev Germaniyada bo'lib, jurnalistik malaka oshirgan. U yerdan Qirg'izistonga borgan. Maqsad Bishkekdagi universitetda professional dasturda qatnashish bo'lgan.
Buni ham ko'ring Bobomurod Abdullayev qo'yib yuborildi, Toshkentdan gapirdiBu safar Abdulllayev nimada gumon qilinmoqda? Nima ayblov bilan yuzlashmoqda? O'zbekistonning mas'ul organlari bu borada biror ma'lumot yoki izoh bermay kelmoqda.
Abdullayev va uning advokati Sergey Mayorov jinoiy ish ochilganini aytsa-da, masala bilan bog'liq detallarni ochiqlay olmaydi, deyiladi HRW bayonotida.
Jurnalist ozodlikka chiqar ekan, uning himoyasi uchun kurashayotgan fuqarolik jamiyati, hamkasblari hamda uning huquqlari toptalmasligiga chaqirgan AQShning O'zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum va Davlat departamentidan minnatdor ekanini aytgan.