COVID-19 pandemiyasi so’nggi o’n yillikda Yaqin Sharq mintaqasini larzaga keltirgan uchinchi inqirozga aylandi. Mintaqa 2011-yilda “Arab bahori” muammosi bilan yuzlashdi. 2014-yildan esa neft narxi pasayishni boshladi. Koronavirus pandemiyasi esa, ekspertlar nazdida, mintaqada fundamental o’zgarishlar yasash davri yetilganini anglatmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Yaqin Sharq mamlakatlari, xususan, asosan neft eksportiga tayangan Fors ko’rfazi davlatlari iqtisodida innovatsion o’zgarishga ehtiyoj yetilgan. Dunyoda qayta tiklanuvchi energiya va zamonaviy texnologiyalar davri boshlanar ekan, mintaqa ta’lim sohasida ham tub islohotlarni amalga oshirishi lozim.
Bayrutda Karnegi institutining Yaqin Sharq markazida so’zlar ekan, Iordaniyaning sobiq Tashqi ishlar vaziri Marvan Muasher joriy vaziyatga baho berdi. Unga ko’ra, arab davlatlari hukumatlari pandemiyaga qarshi kurashda avtoritar boshqaruvidan unumli foydalangan. Biroq mamlakatlar yuzlashayotgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozga nisbatan bunday yondashib bo’lmaydi.
“Mintaqa tabiiy resurslaridan keladigan tushumga ortiq ishonmasligi, ishlab chiqarishga o’tishi lozim. Bu aytishga oson. Biroq arab davlatlarining neftga tayanish davri yakuniga yetmoqda. Neftni eksport qiluvchi tomonlar ham, import qiluvchi tomonlar ham yangi iqtisodiy modelga ega bo’lishga majbur”, - deydi Muasher.
Tahlilchi Daniya Koleylatga ko’ra, slanetsli neft va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qora oltin narxi va samaradorligining pasayishiga sabab bo’lmoqda.
“Yirik neft eksportyorlarining, xususan, Saudiya Arabistonining ishlab chiqaruvchi iqtisodga o’tishi oson kechmaydi. Boshqa mamlakatlar, jumladan, Xitoy uch avlod almashinuvi bilan erishgan islohotlarga Saudiya bir avlod almashinuvi bilan erishishi lozim. Shuning uchun ham innovatsiya eng dolzarb ahamiyat kasb etmoqda”, deb yozadi Koleylat “Arab News” nashrida.
Saudiya Arabistoni byudjetining 87 foizini neftdan tushadigan daromad tashkil etadi. Mamlakatning iqtisodiy diversifikatsiya rejasini amalga tatbiq etishga global pandemiya to’siq bo’lib turibdi. Shunga qaramay, AQSh-Saudiya Biznes kengashining ma’lum qilishicha, qirollikda qayta tiklanadigan energiya bo’yicha loyihalar 750 mingta yangi ish o’rinlarini yaratishi mumkin. 2030-yilga kelib, qirollik elektr quvvatiga bo’lgan ehtiyojining yetti foizini quyosh energiyasi vositasida qoplaydi.
Ayni damda, Birlashgan Arab Amirliklari ekologik jihatdan xavfsiz tovarlar savdosini rivojlantirmoqda. Moliya, sog’liqni saqlash va energetika sohalariga texnologik innovatsiyalarni tatbiq qilish va operatsiyalarni raqamlashtirish ishlarini jadallashtirgan. BAA vitse-prezidenti Shayh Muhammad bin Rashid al-Mahdumning ta’kidlashicha, mamlakat COVID-19 pandemiyasidan so’ng eng tez sur’atda tiklanajak davlat bo’ladi.
Muasherning ta’kidlashicha, arab davlatlari tanqidiy tafakkur va innovatsiyalarga zamin yaratadigan ta’lim tizimini o’zlashtirishi kerak.