Samarqandda shu kunlarda kuzatilgan oilaviy zo’ravonlik holati inson o'z yaqinlari qo'lida qanchalik azoblanishi mumkinligiga yana bir misol.
Voqeani ochiqlagan bloger Aqidaxonimning “Amerika ovozi”ga aytishicha, bu holat o’zbek jamiyatida hamisha panja ortidan qarab kelingan masalaga munosabatlarni bir oz bo'lsa-da, o’zgartira boshlagan. Bu voqea - ulkan muammoning kichik bir ko’rinishi, deydi faol.
Samarqanddagi bir xonadonda xotinning er tomonidan shafqatsiz kaltaklanishi bloger tomonidan yoritilgach mamlakat parlamenti, mahalliy hokimiyat va huquq tartibot idoralari ham o’z munosabatlarini bildirdi.
Huquq tartibot idoralari zo’ravon erga nisbatan jinoyat ishi ochilgani, mahalliy hokimiyat ayolga yordam ko’rsatishga shayligi, hatto uni eri bilan yarashtirib qo’yishga tayyorligi haqida bayonotlar qilgan.
Mustahkam ismli bu juvonning keyingi taqdirini kuzatib, masalaga e'tiborni ushlab turgan Aqidaxonim mahalliy hokimiyat jabrlanuvchini yana o'sha shafqatsiz muhitga qaytarishga urinayotganidan dahshatda.
“Menga mahalliy hokimiyat, quda tomon bu oilani yarashtirish uchun oraga pul tikayotgani haqida ham ma’lumotlar keldi. Mustahkamning o’zi oilaga qaytishga keskin qarshi, shuningdek, zo’ravonga erga nisbatan faqatgina 105- modda, ya’ni yengil tan jarohati yetkazish bo’yicha jinoyat ishi ochilganidan ham norozi. Huquq tartibot idoralari biz bilan o’tgan suhbatda Mustahkamning eriga nisbatan bir necha modda, jumladan jinsiy zo’ravonlik, insonni tahqirlash bo’yicha ham ayblov qo’zg’atilishini aytishgan edi. Odamni axlat yedirishga majburlash inson sha’ni va qadrini keskin tahqirlashdir. Men Samarqandda qonunlar ishlashiga jiddiy shubha bilan qarayapman”, - deydi Aqidaxonim.
“Oilaviy zo’ravonlikka doir bunday holatlarning aksariyati jamoatchilikka noma’lum qoladi. Buning sabablaridan biri zo’rlikka, tahqirga uchrayotgan ko’pchilik ayollar chorasizlikdan oxir-oqibatda o’z joniga qasd qilishni ma’qul topishadi”.
Aqidaxonimning Samarqandagi voqea yuzasidan e’lon qilgan materiallariga ko'ra, Mustahkam 8 yil davomida tinimsiz tahqirlangan, ayovsiz kaltaklangan, bir necha bor o’z joniga qasd qilishga uringan.
Jamoatchilik bu zo’ravonlik holatini muhokama qilar ekan, Ichki ishlar vazirligi Andijonda oilaviy janjal qotillik bilan tugagani, er o’z xotinini pichoqlab o’ldirib qo’ygani haqida bayonot berdi.
Mamlakatda oilaviy janjallarning, aksariyat hollarda ayolning qattiq jarohatlanishi yoki o’limi bilan yakunlanishi huquq tartibot idoralari hisobotida eng ko’p qayd etiladigan jinoyat turlaridan biriga kiradi.
O’zbekistonda azaldan oila instituti muhim o’rin tutadi. Parlament, hukumat, xususan Prezident Shavkat Mirziyoyevning o’zi ham bu masalada qator tavsiyalar bilan chiqqan.
Rasmiy doiralar jamiyatda ajrimlar soni ko’paymoqda, deya xavotir bildirib keladi. Oilalarni yarashtirish va yoshlarni nikohga nisbatan mas’uliyatini kuchaytirishda mahalla yetakchilarining, xususan otaxon va onaxonlarning rolini oshirish haqida gap ketadi.
Samarqanddagi holatda ham mahalliy hokimiyatning zo’ravonlikka uchragan ayolni yana zolim er huzuriga qaytarish harakati oilaviy zo’ravonliklarga panja ortidan qarash davom etayotganini ko’rsatadi.
Ayni paytda Mustahkamning eri hibsda, u yengil tan jarohati yetkazganlikda ayblanmoqda.
“Ammo bu ayblov bilan jarima to’lab ham ozodlikka chiqsa bo’ladi. Bu voqea yoritilishi ortidan Mustahkamga, shuningdek, menga nisbatan ham quda tomondan turli tahdidlar kuzatildi. Bilishimcha, quda tomon avval jinoiy guruhlardagi faoliyati bilan ham tanilgan oilalardan hisoblanadi. Men Mustahkamning taqdiridan xavotirdaman”, - deydi Aqidaxonim.
Masala Oliy Majlis Senati diqqatida ekani ham ma'lum. Senat axborot xizmatining bildirishicha, hozirda Mustahkam ikki nafar farzandi bilan maxsus markazda yashayapti, to’liq tibbiy ko’rikdan o’tkazilgan va ruhiy-psixologik yordam ko’rsatilmoqda.