29-sentabr kuni AQSh siyosiy sahnasida muhim voqealardan biri yuz beradi: Prezident Donald Tramp va uning demokrat raqibi sobiq vitse-prezident Jo Bayden o’rtasida prezidentlik uchun uchta jonli bahsning birinchisi bo’lib o’tadi. Bunday bahslarda yana bir insonning ishtiroki muhim. Bu davrani olib boradigan moderator.
Bahslarda e’tibor, asosan, nomzodlarga qaratilsa-da, sahnada nima va qachon aytilishini moderator hal qiladi.
Uning ishi faqat savol so’rash emas.
“Moderatorning eng muhim ishi kuzatish, shunday emasmi? Berilayotgan javobga yoki bahsga qarab, keyingi savol nima bo’lishini oldindan bilishi kerak”, - deydi Venderbilt universiteti tadqiqotchisi Jon Kok.
Prezident bahslarini tashkil etuvchi komissiya moderatorlarni taniqli jurnalistlar orasidan tanlaydi.
“PBS” kanali boshlovchisi Jim Lerer prezidentlik bahsini eng ko’p, 12 marta boshqargan.
“Kimdir qaysidir mavzuda yettita masaladan iborat rejam bor desa, dastlabki uchtasini ayting, deb so’rardi”, - deydi Virjiniya universiteti tadqiqotchisi Meri Keyt Keri.
Keri bahs o’tkazishga oid Lerer tashkil qilgan seminarda qatnashgan.
“Agar uzun va murakkab savol so’rasangiz, javobi ham uzun va murakkab bo’ladi, deb aytardi. Yaxshi kelishuv, sizningcha, qanday bo’ladi yoki bu fikrga qo’shilasizmi, degan qisqa savollar berardi”, - deya eslaydi Keri.
Uning aytishicha, Lerer bahsdan avval nomzodlar bilan uchrashib, debat shartlarini tushuntiradi. Bahs oldidan tomoshabinlar huzurida ham shartlar yana bir bor eslatiladi.
“Agar nomzodlardan biri qoidani buzib, ko’p gapirsa yoki boshqalarning gapirishiga imkon bermasa, odamlar norozi bo’lishni boshlaydi. Chunki ular qoidani biladi. Shu bois moderator nomzodni to’xtatib, qoidani buzyapsiz, deb ochiq ayta oladi”, - deydi Keri.
Nomzod noto’g’ri narsani tilga olsachi?
“Lererga ko’ra, nomzodni to’xtatib, faktlarni tekshirish moderatorning ishi emas. U nomzodga muddat berib, aytgan so’ziga aniqlik kiritishini so’raydi”, - deydi tadqiqotchi.
“2012-yil moderator Kendi Krouli Romnining xatosini tuzatgani ancha bahs-munozaraga sabab bo’lgan edi”, - deya eslaydi ekspert Jennifer Merchiya.
“Ikki nomzod orasida keskin tortishuv bo’lgan. Moderator aralashib, to’g’rilashga harakat qilgan. Uning bu ishi o’ng qanot tarafdorlarining noroziligiga sabab bo’lgan”, - deydi Merchiya.
2020-yilgi bahs moderatorlari allaqachon tanlangan. “Fox News” boshlovchisi Kris Uolles 29-sentabr kuni birinchi bahsni boshqaradi. U 2016-yilgi debatda ham qatnashgan.
Ikkinchi bahs moderatorligi “C-SPAN” kanali prodyuseri Stiv Skalliga topshirilgan.
Uchinchi debatga “NBC News”ning Oq uy muxbiri Kristen Velker moderatorlik qiladi.
Vitse-prezidentlikka nomzodlarning yagona bahsini esa “USA Today” nashri vakili Syuzan Peyj olib boradi.
Prezidentlar bahsini 12 marta boshqargan Jim Lererdan eng yaxshi maslahat shuki, moderator odamlar e’tiboridan saqlanishi kerak.
“Uning bir gapi esimda qolgan: odamlar bahsdan keyin mendan iqtibos keltirsa, demak, vazifamni bajara olmabman”, - deydi Meri Keyt Keri.