AQSh: Eronga qarshi xalqaro sanksiyalarni tiklaymiz

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo (o'ngda) Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab bilan, Vashington, AQSh, 2020-yil, 16-sentabr

Amerika Qo'shma Shtatlari Eronga qarshi 19-sentabr kuni soat 20:00 dan boshlab barcha xalqaro sanksiyalar tiklanishi haqida ogohlantirdi. BMT sanksiyalari qanday tartibda qayta joriy qilinishi haqida hafta oxirida va kelasi hafta kengroq ma’lumot berilishi kutilyapti.

"Eronga qurol-yarog’ embargosi doimiy qolishini ta’minlash uchun kelasi hafta sanksiyalar qayta tiklanishini so’rab BMTga murojaat qilamiz”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo chorshanba kuni Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab bilan o'tkazilgan qo'shma matbuot anjumanida.

"Biz Eron hech qachon yadro qurolini olishiga yo'l qo'ymaslik kerak, degan fikrga qo'shilamiz, - dedi Raab. - Biz, shuningdek, tinch yo'l bilan muzokaralar olib borish uchun diplomatik eshik Eron uchun ochiq qolishi tarafdorimiz. Bu qaror, ushbu tanlov Tehron rahbariyati tomonidan qabul qilinishi kerak".

Raab Britaniyaning AQSh e’lon qilayotgan sanksiyalarga qo’shilishi yoki qo’shilmasligi haqida ma’lumot bermadi.

Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya avgust oyida AQShning Eronga qarshi BMT sanksiyalarini tiklash harakatini qo'llab-quvvatlasligini ma’lum qilgan edi. Ularga ko’ra, bu chora Eron yadroviy kelishuvini davom ettirishga qaratilgan harakatlarga zid keladi.

AQShning Eron va Venesuela bo'yicha maxsus vakili Elliott Abramsning aytishicha, Yevropa mamlakatlari Eronga qo’yilgan qurol embargosi tugashini istamasliklarini aytgan, ammo buni qo’llab-quvvatlovchi biror choraga qo’l urgani yo’q.

Abrams so'zlariga ko'ra, qayta tiklanayotgan sanksiyalarga "uranni boyitish va qayta ishlash bilan bog'liq faoliyatni taqiqlash, ballistik raketalarni sinovdan o'tkazish va ishlab chiqarishni man etish hamda Eronga yadroviy va raketa bilan bog'liq texnologiyalarni sotishga yo’l qo’ymaslik kabi choralar" kiradi.

AQSh rasmiylarining ogohlantirishicha, cheklovlardan xoli Eron mintaqada beqarorlik va mojarolar yanada kuchayishiga hamda mintaqaviy qurollanish poygasi boshlanishiga sabab bo’ladi.

AQSh 14-avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi orqali Eronga qarshi qurol-yarog' embargosi muddatini uzaytirishga uringan, ammo buning uddasidan chiqa olmagan edi.

2015-yilda Eron bilan erishilgan yadro kelishuviga muvofiq, shu yil 18-oktabr kuni Eronga qo’yilgan qurol embargosi to’xtaydi. AQSh uni yana uzaytirishga urinmoqda.

“Sanksiyalarni qayta tiklashga qaratilgan AQShning bevosita maqsadi - oktabr oyining o'rtalarida BMT qurol-aslaha embargosi tugashining oldini olish. Ammo yevropaliklar BMT embargosi kelasi oy tugashini tan olsalar ham, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi kompaniyalari Tehronga darhol tanklar sotishni boshlamaydi. AQSh xitoyliklar va boshqa firmalardan qurol-yarog’ savdosi bo’lishini kutishi mumkin va ularni alohida jazoga tortishi ehtimoli bor. Lekin bu yevropaliklarni unchalik bezovta qilmaydi”, - deydi BMT Xalqaro Inqirozlar guruhi direktori Richard Govan.

2015-yil 14-iyulda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy besh a'zosi va Germaniya ishtirokida tuzilgan kelishuvga muvofiq, Eron yadroviy faoliyatini cheklashi evaziga xalqaro sanksiyalardan bosqichma-bosqich xalos bo’ladi. Shuningdek, bu bitim Eron bozorini ko'plab xorijiy investorlar uchun ochib berdi.

Donald Tramp prezident etib saylanishi ortidan Qo'shma Shtatlar 2018-yil may oyida Eronga qarshi bir tomonlama sanksiyalar joriy etib, shartnomadan chiqqanini e’lon qildi. Bunga javoban Tehron yadroviy faoliyatining bir qismini qayta tikladi va 2019-yil iyulida uranni boyitish miqdorini ham oshirdi. Eron yadroviy faoliyati harbiy maqsadlarga qaratilganini rad etadi.