Xitoy hukumatining Shinjonda uyg’ur va boshqa musulmon xalqlarni majburiy mehnatga tortayotganiga doir e’tirozlar tobora kuchaymoqda. Biroq ayrim tahlilchilarga ko’ra, Pekinning bu hududdagi strategik pozitsiyasi mahalliy aholini eski tirikchilik an’anasiga chek qo’yib, zamonaviy mehnat turlariga tayyorlashni nazarda tutadi.
Xitoy hukumati 17-sentabr kuni “Shinjonda bandlik va mehnat huquqlari” deb nomlangan yo’riqnomani chop etdi. Unda hukumatning “kambag’allikni qisqartirish tashabbuslari”ga batafsil izoh berilgan. Biroq huquq faollariga ko’ra, Pekin shunday bahonalar bilan aholini majburiy mehnatga tortmoqda.
Yo’riqnomada keltirilishicha, “kasbga tayyorlash” davlat loyihasi 2014-yildan boshlab har yili 1,3 million fuqaroni “qayta tarbiyalagan”. Ulardan 451400 nafari aholisining 80 foizi uyg’urlardan iborat bo’lgan Shinjonning janubiy hududlarida istiqomat qiladi. Rasmiy statistikaga ko’ra, shinjonlik 103300 nafar fermer va chorvadorlarning 98300 nafari “qayta tarbiyalash” dasturi yordamida yangi kasb egasi sifatida ish boshlagan.
Yo’riqnomada bandlik darajasini oshirish uchun “mahalliy aholining eskicha fikrlashdan voz kechishi” tavsiya etiladi. Shuningdek, Shinjon ma’muriyati ortiqcha ishchi kuchi uchun ham qo’shimcha ish o’rinlarini yaratish ustida ishlayotgani ta’kidlangan.
Xitoy bo’yicha ekspert Adrian Zenzga ko’ra, yangi yo’riqnomani chop etish bilan Pekin ozchilikni tashkil etuvchi musulmon aholiga tazyiq qo’llangani va majburiy mehnatga tortilganini ilk bor rasman tan olgan. Ushbu siyosat uyg’ur chorvadorlari va fermerlarini davlat ishchisiga aylantirishga qaratilgan, dedi u.
“Konkret obyektga biriktirilgan ishchilar ustidan hukumat kuchliroq nazorat o’rnatishga muvaffaq bo’ladi. Ular asosan oilasidan yiroqda mehnat qiladi. Avlodlar o’rtasida aloqa uziladi. Internat-maktablarda ta’lim olayotgan yosh avlod yanada kuchliroq nazorat ostida bo’ladi”, - dedi Zenz “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Xitoy hukumati 2016-yildan buyon 1-1,8 million musulmonlarni “qayta tarbiyalash lagerlari”da hibsda ushlab turibdi. Xalqaro miqyosda ko’plab mamlakatlar bunga qarshi keskin norozilik bildirmoqda. Pekin Shinjonda milliy o’zlikni yo’qotish, tug’ilishni qisqartirish, islomiy e’tiqodni zaiflashtirish, diniy obyektlarni buzish, siyosiy bosim o’tkazish va so’z erkinligini bo’g’ish kabi repressiv siyosati uchun qoralanmoqda.