Breaking News

O’nlab tashkilotlar, olimlar: Shinjonda genotsid, BMT tekshirishi kerak


Yigirmadan ziyod tashkilot va genotsid bo’yicha 16 ekspert BMT Inson huquqlari kengashini Xitoyning Shinjon-uyg’ur avtonom viloyatida turkiy xalqlarga qarshi kampaniyasini tekshirishga, huquqbuzarlikni to’xtatish uchun strategiya ishlab chiqishga chaqirmoqda. Ular Pekin olib borayotgan siyosatni genotsid deya ta’riflaydi.

Ochiq maktubni Uyg’ur inson huquqlari loyihasi, Genotsidsiz dunyo, Xavf ostida qolgan xalqlar jamiyati kabi o’nlab tashkilotlar va mutaxassislar imzolagan.

Unda yozilishicha, Xitoy hukumati diniy va siyosiy ekstremizmga qarshi kurash bahonasida uyg’urlar va boshqa ozchilikdagi guruhlarga qarshi “sistematik” tazyiq o’tkazmoqda. Jumladan, bir milliondan 1,8 milliongacha odam mehnat lagerlarida saqlanayotgani, siyosiy indoktrinatsiya, odam o’g’irlash, madaniy meros yo’q qilinishi, majburiy mehnat va tug’ilishni majburan cheklash.

Xalqaro hamjamiyatdan da’vo qilinayotgan jinoyatlarga javoban “diplomatik, gumanitar va boshqa vositalarni” qo’llash so’ralmoqda.

Tekshiruv komissiyasi

Uyg’ur inson huquqlari loyihasi nomli tashkilot vakili Piter Irvinning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, uyg’urlar masalasida BMT Inson huquqlari kengashi tekshiruv komissiyasini tuzishi uchun yetarlicha ma’lumotlar mavjud.

“BMT tekshiruv komissiyalarini ma’lumot to’plash, xalqaro huquq buzilishini tahlil qilish va hisobotlar tayyorlash uchun muntazam ravishda tuzadi”, - deydi u.

Hozirda BMTning 8 ta shunday komissiyasi ish yuritmoqda. Ulardan biri Liviyadagi ahvolni o’rganish uchun o’tgan oy tuzilgan.

Suhbatdoshga ko’ra, Shinjondagi ahvolni o’rganish uchun komissiya tuzish taklifiga Xitoyning qarshilishi sabab ko’z yumilmoqda.

"Kasb-hunar" markazlaridan biri
"Kasb-hunar" markazlaridan biri

“Mish-mish va tuhmat”

Pekin Shinjonda inson huquqlari oyoq osti bo’layotganini rad etadi. “Ta’lim markazlari orqali o’zgarish qilish” kampaniyasini olib borayapmiz xolos, deydi rasmiylar. Ular lagerlarni ekstremizm va terrorizm g’oyalariga duchor bo’lganlar uchun tuzilgan “kasb-hunar markazlari” deb ataydi, odamlar u yerda zarur ko’nikmalarni egallayotganini qayd etadi.

Xitoy G’arb tanqidini neokolonializm deya rad etsa-da, genotsidni bartaraf etish bilan shug’ullanuvchi faollarning bu maktubiga ko’z yumish qiyin, deydi Kayl Metyus, Kanadadagi Konkordiya universiteti qoshidagi Monreal genotsid va inson huquqlarini o’rganish instituti ijrochi direktori.

“Maktubning ahamiyati shundaki, uni imzolaganlarning aksariyat qismi olimlar va shafqatsiz jinoyatlarning oldini olish masalasini o’rganuvchi muassasalar”, - deydi Metyus.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, Shinjonda 12 million uyg’ur yashaydi. Vazirlik so’zlovchisi Van Venbin hududda qonunlar buzilayotganini “mish-mish va tuhmat”, deb atadi.

Venbin ayblovlarni Xitoy ichki ishlariga aralashuv deya qoralamoqda.

“Dunyo bo’ylab do’stlarimiz uydirma va yolg’onlarga ishonib o’tirmasdan, Shinjonga kelib vaziyatni o’z ko’zlari bilan ko’rishsin”, - deydi u.

BMT o’tmishda “cheklovsiz” tekshiruv o’tkazish uchun Shinjonga kirishni so’ragan. Ichki ishlarga aralashmaslik sharti bilangina BMT rasmiylari ruxsat beramiz, deya javob qilgan Xitoy mutasaddilari.

BMTning inson huquqlari bo’yicha oliy komissari Mishel Bachelet regionga safar uyushtish to’g’risida Xitoy bilan muzokara ketayotganini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG