AQShning “Nyu-York Tayms” gazetasi Xitoy hukumatining g’arbdagi Shinjon viloyatida uyg’urlar va boshqa musulmon xalqlarga nisbatan siyosatini oshkor etuvchi hujjatlarni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldi.
Gazetaning bildirishicha, hujjatlarni Xitoy siyosiy doiralariga mansub odamlardan biri uzatgan. Hujjatlar, asosan, Xitoy Prezidenti Si Zinpinning 2014-yilda Shinjonga tashrifi paytida va undan keyin rasmiylarga bergan ichki ko’rsatmalaridan iborat. O’shanda pichoqlar bilan qurollangan uyg’urlar poyezd stansiyasida odamlarga hujum qilib, 31 odamni o’ldirgan edi.
Oshkor etilgan hujjatlardan birida aytilishicha, davlat rahbari terrorizm va separatizmga qarshi ayovsiz kurashga chaqirib, rahm-shafqatga o’rin yo’q, degan.
Shuningdek, ma’lum bo’lishicha, Xitoy rahbariyati boshqa mamlakatlardagi terror xurujlari hamda AQSh qo’shinlarining Afg’onistonda qisqartirilishi ketidan xavotirga tushib, mahalliy musulmonlarga qarshi siyosatini kuchaytirishga majbur bo’lgan.
403 sahifadan iborat hujjatlarning qanday qilib to’plangani va gazetaga uzatilgani noma’lum. Ba’zilar nazarida, bu partiya ichidagi norozilik va bo’linishlardan nishona. 150 sahifa rasmiylarning uyg’ur aholini nazorat qilish va kuzatish haqidagi buyruqlari va hisobotlaridan iborat ekani ma’lum.
BMT mutaxassislari va faollariga ko’ra, Xitoy hukumati kamida bir million uyg’ur va boshqa musulmon xalqlar vakillarini Shinjondagi lagerlarda saqlamoqda. AQSh va qator boshqa davlatlar Pekinning bu siyosatini qoralab chiqqan. Xitoy hukumati lagerlarni qayta tayyorlash va kasb-hunar markazlari deb, islomiy ekstremizm va bo’lginchilikka qarshi kurashga qaratilganini aytadi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi “Reyter” axborot agentligining oshkor etilgan hujjatlar bo’yicha savolini javobsiz qoldirdi.
Hujjatlardan ma’lum bo’lishicha, Xitoy rasmiylariga o’qishga qaytayotgan talabalarga tayyorlov kurslariga olib ketilgan oila a’zolari xususida qanday javob berish kerakligi haqida ko’rsatmalar tarqatilgan. Ayrim mahalliy rasmiylar bu dasturga qarshi chiqqani aytiladi, chunki ular bunday siyosat milliy ziddiyatlarni kuchaytirib, iqtisodiy taraqqiyotga salbiy ta’sir qilishiga ishora qilgan – musulmon aholining lagerlarga majburan joylashtirilishi natijasida hosil terimiga odam yetishmagan.
Hujjatlar Chen Tsuango 2016-yil avgustida Kommunistik partiyaning Shinjon-uyg’ur muxtor rayonidagi birinchi kotibi etib tayinlanganidan so’ng lagerlar keskin kengayganini ko’rsatmoqda. Chen bungacha Tibetda besh yil ishlagan.
“Nyu-York Tayms” qo’lga kiritgan hujjatlardan yana shunisi ma’lumki, Chen bunday siyosatdan norozi amaldorlarga qarshi chora ko’rgan. Minglab odamlarni ana shunday lagerlarning biridan qo’yib yuborgan bir rasmiyning qamalgani aytiladi.
Facebook Forum