AQSh Vyetnam bilan aloqalarni kuchaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

Xanoy, Vyetnam

Vashingtonning qurol nazorati bo'yicha mas’ul vakili Osiyo safariga chiqib, shuningdek, Vyetnamga tashrif buyurdi. Bir paytlar o’zaro urush holatida bo’lgan bo’lgan AQSh va Vyetnam Xitoyning Osiyoda o’sib borayotgan tahdidiga qarshi hamkorlikni kuchaytirmoqda.

AQSh prezidentining qurol nazorati bo'yicha vakili Marshal Billingsli payshanba kuni Vyetnam rasmiylari bilan uchrashib, Xitoyning Janubiy Xitoy dengizida kuchayib borayotgan ta’sirini kamaytirish masalasini muhokama qilgani aytilmoqda. AQSh rasmiysi ushbu safar doirasida Yaponiya va Janubiy Koreyada ham bo'lgan.

“Bilamizki, Qo'shma Shtatlar Vyetnamning Osiyodagi strategik salohiyatini tan olgan va Vetnamning strategik salohiyati AQSh va Xitoy o'rtasidagi raqobat ortib borishi fonida kuchaymoqda. Shuning uchun mintaqada, shu jumladan, Janubiy Xitoy dengizida ko'p munozaralar kuchlarning katta muvozanati atrofida bo'ladi, deb o'ylayman”, - deydi Gavayidagi Osiyo-Tinch okeani xavfsizligini o'rganish markazi professori Aleksandr Vuving.

Vyetnam bu yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy bo'lmagan a'zoligiga kirdi. U ayni paytda Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasining (ASEAN) muzokaralar bloki raisi hisoblanadi.

Vyetnam AQSh kabi Pekinning Janubiy Xitoy dengizida faoliyatini kengaytirayotganidan norozi. Munozaraga sabab bo’layotgan suv yo'llarining taxminan 90 foizi Vyetnam, shuningdek, Bruney, Malayziya, Tayvan va Filippinga oid hududlarda ekani aytiladi. Bu davlatlarning barchasi iqtisodiy va harbiy jihatdan Xitoyga qaraganda ancha zaif.

Qo'shma Shtatlar Vetnam kommunistik kuchlariga qarshi 12 yil urush olib borgan. AQSh askarlari mamlakatni 1973-yilda tark etdi. 1975-yilda esa kommunistik kuchlar butun Vyetnamni egallab oldi.

Xanoydagi bugungi kommunistik amaldorlar hali ham Xitoy bilan partiyaviy munosabatlarga ega. Shuningdek, ular Shimoliy Koreya bilan ham yaqin aloqa o’rnatgan.

“Ahamiyatlisi shundaki, AQSh Vyetnamni o’zaro fikr almashish mumkin bo'lgan, ASEAN a'zolari bilan aloqaga ega, ayni paytda BMT a’zosi hamda boshqa ko'plab davlatlardan farqli ravishda, Shimoliy Koreya bilan aloqa o’rnatgan o'yinchi sifatida ko’radi”, - deydi Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels universiteti professori Karl Tayer.

Unga ko’ra, bu masalalarda AQSh Vyetnam orqali mintaqaga o’z ta’sirini o’tkazishi mumkin.

Shimoliy Koreya Yaponiya va Janubiy Koreyaga yaqin joyda raketa sinovlarini o’tkazib keladi. 2018 va 2019-yillarda AQSh Prezidenti Donald Tramp va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un o'rtasida o’tkazilgan uchrashuvlar bu sinovlarni to'xtata olmadi.

Janubiy Xitoy dengizidagi munozarali orollarni Xitoy egallab olishga urinayotgani aytiladi. Bu orollarning ba’zilari harbiy maqsadlar yo’lida o’zlashtirilmoqda.

Xitoy kemalari bu yil Vyetnam, Malayziya va Indoneziyaning okeandagi iqtisodiy zonalarga kirib borgan. Da'vogar mamlakatlar 3,5 million kvadrat kilometr dengiz hududi baliqchilik va energiya zaxiralari uchun o’zlariga qarashli ekanini aytadi.

Vashingtonning dengiz egaligiga da'vosi yo'q, ammo Xitoyning offshor hududlarda haddan tashqari ko'p nazoratni qo'lga kiritishini istamaydi, deydi tahlilchilar.

AQSh hukumati 2016-yilda Vyetnamga qurol sotish bo’yicha urush davrida qo’yilgan embargoni bekor qildi. Vashington endi Vyetnamni Xitoy harakatlarini nazorat qilishda "vosita” sifatida ko’rmoqda, deydi Tokiodagi Xalqaro nasroniy universiteti tadqiqotchisi Stiven Nadi.