Qirgʻizistonning ikki yirik shahri Bishkek va Oʻshda parlament saylovi natijalaridan norozi omma mitinglarni davom ettirmoqda. Prezident Sooronbay Jeenbekov hokimiyatdan ketmoqchi emas va tinchlikka chaqirgan. Parlament spikeri Doston Jumabekov lavozimini tark etgan. Markaziy saylov komissiyasi 4-oktabrda berilgan ovozlarni chetga surib, natijani bekor qilgan. Qirg'iz matbuotiga ko'ra, to'polonlarda 700 ga yaqin kishi jarohatlangan.
5-oktabrda boshlangan namoyishlar ommaviy tartibsizliklarga aylanib, 6-oktabrga o'tar kechasi Bishkekda parlament va prezident idoralari vayron qilingan. Ayrim kabinetlarga o't qo'yilgan. Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining binosi ham bosib olingan.
Your browser doesn’t support HTML5
Hozirda Prezident Jeenbekov qayerda ekani nomaʼlum. Lekin uning idorasi vaziyat nazorat ostida, deb qayd etmoqda. Jeenbekov xalqqa video murojaat qilib, jamoatchilikdan tinchlik-barqarorlikni saqlashni so'ragan. Uning aytishicha, saylov yuzasidan shikoyatlar birma-bir ko'rib chiqiladi.
Qirgʻiziston hukumatining aʼzolari ham murojaat eʼlon qilib, davlat va mahalliy hukumatning faoliyat davomiyligiga urg'u berib, jamoatchilik xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash uchun va tadbirkorlikni davom ettirish uchun fuqarolarni qonunlarga rioya qilishga chaqirgan. Shuninggek, murojaatda hukumat oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda davom etishi aytilgan.
Buni ham ko'ring Jeenbekov: Tinchlik-barqarorlik birinchi o'rindaBu orada sakkiz partiya tarafidan koordinatsiya kengashi tuzilib, kengash yigʻini oʻtmoqda. Asosiy maqsadi - Qirgʻizistonda qonun ustuvorligini ta'minlab, hozirgi tanglikdan chiqish.
Kengashga yetakchi etib tayinlangan siyosatchi Adaxan Madumarov Prezident Jeenbekov bilan muzokara qilishi kutilmoqda.
Batken, Norin, Issiqkoʻl va Oʻsh viloyatlari rahbarlari oʻz vazifalarini topshirgan. Qirgʻiziston janubida nufuzli oila deb hisoblangan aka-uka Matraimovlardan biri, Qorasuv tumanining hokimi, aholi tomonidan ishdan olingan.
Your browser doesn’t support HTML5
Oʻsh shahar meri Talaybek Saaribashov ham oʻz lavozimidan ayrildi. 6-oktabr tongida boshlangan Oʻshdagi norozilik namoyishlarida mamlakatdan chiqib ketgan sobiq shahar meri Melis Mirzaqmatovning kelishi kutilmoqda. Mirzaqmatovning nomi takror-takror tilga olinib, qarsaklar chalindi. Uning allaqachon Istanbuldan qaytgani ma'lum.
Norozilik namoyishlari davom etarkan, Oʻzbekiston 6-oktabrda Qirgʻiziston fuqarolari uchun va mamlakat orqali oʻtgan chet elliklar uchun respublikaga kirishni nomaʼlum muddatga qadar taqiqladi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning Qirgʻizistondagi fuqarolariga va qoʻshni mamlakatdagi qirgʻizistonliklarga yurtiga qaytishga ruxsat beriladi. Yuk tashuvchi avtomobillarning kirib-chiqishiga cheklov yoʻq.
4-oktabrda oʻtgan parlament saylovida 16 partiya qatnashgan. Markaziy saylov komissiyasi eʼlon qilgan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, saylovda hukumatga yaqin “Birimdik”, korrupsiyada gumon qilinadigan Matraimovlar oilasiga aloqador “Mekenim Qirgʻiziston”, “Qirgʻiziston” hamda “Butun Qirgʻiziston” partiyalari oʻtgan.
Vaziyat daqiqa sayin o'zgarib bormoqda. Xabarlar oqimini kuzating.