O’zbekiston diplomi Afg’onistonda nega tan olinmayapti?

2019-yil O’zbekistonda o’zbek tili yo’nalishini bitirgan afg’onistonlik yoshlarning vatandan qaytganidan bir yarim yil o’tib, ularning diplomi hali ham Oliy ta’lim vazirligi tomonidan tan olinmayapti.

Bitiruvchi Asadulla Aziziy diplomlar ba’zi bir siyosiy sabablarga ko’ra tasdiqlanmayotganini iddao qiladi.

“Afg’oniston Oliy ta’lim vazirligi bizga, sizlar to’rt yillik darsni qanday qilib ikki yilda o’qidingizlar deya diplomlarimizni rad etmoqda. Biz kecha-kunduz demay o’qidik, zarur darslik soatlarini to’ldirdik. Diplomlarimiz tasdiqlanishini xohlaymiz, haqqimizni istaymiz, nohaqlik istayotganimiz yo’q”, - deydi Aziziy.

Surxondaryo viloyatida joylashgan Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta’lim markazini bitirgan ayrim yoshlar bugungi kunda Termiz Davlat universitetida o’qimoqda. Haligacha bakalavr diplomi tasdiqdan o’tmagan Muborakshoh Jasur ismli talaba kelajakdan tashvishda.

Muborakshoh Jasur:

“Magistratura bo’yicha o’qiyapman, shaxsiy mablag’im evaziga. Afg’onistoda oilalar ahvolini hamma yaxshi biladi. O’zbekistonda o’qish qimmat biz uchun. Hujjatlarimiz tan olinmayotgani ham ortiqcha muammo bo’lyapdi. Bugungi kunda ham Termizda 200 ga yaqin afg’on yoshlar o’qiyapti. Bizning ahvolimizni ko’rib ularning ayrimlari o’qishlarini tark etmoqchi. Diplom tan olinmasa o’qib nima qilaylik?”.

Vatanga qaytgan yoshlar ishga kira olmayapti. Ish bilan ta’minlash bo’yicha ko’p va’dalar berilgan edi. Hech bir amalga oshmagan, deydi Aziz Ahmad Aminiy ismli yigit.

Afg’oniston prezidenti idorasi raisi Shokir Korgar O’zbekistonning Kobuldagi elchisi Yodgorxo’ja Shodmonov bilan muloqotda 96 nafar bitiruvchilar diplomi bilan bog’liq muammo yuzasidan gaplashgan

Agar hujjatlarimizni Oliy ta’lim vazirligi tasdiqlamasa, ishga kira olmaymiz. Biz vazirlikka ko’p murojaat qildik, natija chiqmayapti. 96 kishi, barchamiz birgalikda poytaxt Kobulga bormoqchimiz. Kattalarimiz bilan uchrashib mavzu yuzasidan yechim topmoqchimiz”,- deydi Aminiy.

Termizdagi ta’lim markazi direktori Oybek Ro’ziyevga ko’ra, diplom muammosi yuzasidan ham O’zbekiston tomon Afg’oniston rasmiylari bilan gaplashgan, qiyinchilik yaqin orada hal qilinishi kerak.

2018-yilning yanvarida 96 afg’on o’zbek tili va adabiyoti yo’nalishi bo’yicha tahsil olish uchun qabul qilingan edi. 2019-yil iyunida ular o’qishni bitirib, vatanga qaytgan edi. Hozirgi kunda 172 nafar afg’on bu markazda tahsil olmoqda.