“Facebook”, “Twitter” va boshqa AQSh internet kompaniyalari saylov arafasida bahsli ma’lumotlarni tarqatish bo’yicha yangi qoidalarni joriy qilmoqda.
Prezident Donald Tramp “Twitter” ijtimoiy tarmog’ida faol. So’nggi haftalarda “Twitter” prezidentning ba’zi postlariga ogohlantirish bera boshladi. Masalan, koronavirus va pochta orqali ovoz berish haqidagi yozuvlarga. Tramp saylov kampaniyasining rasmiy sahifasi esa demokrat nomzod Jo Bayden o’g’li haqida asossiz ma’lumot tarqatgani uchun vaqtincha bloklab qo’yildi.
“Twitter” ko’rgan chorani yoqlaganlar ham, tanqid qilayotganlar ham bor. Konservativ guruhlar da’vosiga ko’ra, so’z erkinligiga qo’yilgan bunday cheklovlar saylov natijasiga ta’sir qilishi mumkin.
Nafaqat “Twitter”, balki “Facebook” ham Baydenning o’g’li nishonga olingan Tramp postiga cheklov qo’ygan. Boshqa saytlar ham shu yo’ldan bormoqda.
“Google”ga qarashli “YouTube” sayti konspiratsiyaga asoslangan ma’lumotlarni tarqatuvchi “QAnon” guruhiga aloqador videolar taqiqlanishini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlar bu masalada nega hozir jonlanib qoldi?
“Kelayotgan saylov bilan bog’liq noto’g’ri ma’lumotlar ko’p. Hammaning ko’zi unda. Katta voqea bo’lgani uchun asossiz ma’lumotlar ko’p bo’lishini kutyapmiz”, - deydi ekspert Liza Kaplan.
Yaqingacha internet kompaniyalari foydalanuvchilar faoliyatiga deyarli aralashmas edi. 2016-yilgi saylov davomida ular soxta xabarlar, xususan, xorijdan turib moliyalangan kampaniyalarni to’xtata olmagani uchun qattiq tanqid qilindi.
So’nggi bir necha oydan beri “Twitter”, “Facebook”, “Google” va boshqa kompaniyalar ijtimoiy tarmoqlardagi qoida va cheklovlarni kuchaytirdi.
“Ular bu masalalarni bir yoqli qilishlari lozimligini tushunishlari, oldingidek vaziyat yuz berishiga yo’l qo’ymasliklari kerak”, - deydi Federal saylov komissiyasi sobiq rahbari An Reyvel.
Ba’zi respublikachilar e’tiroziga ko’ra, yangi qoidalar konservativ ovozlarni o’chirishga qaratilgan.
Ular “Twitter” va “Facebook” rahbarlarini Kongressga kelib, hisobot berishga chaqirdi.
Amaldagi qonunchilikka ko’ra, internet kompaniyalari foydalanuvchilar chop etgan ma’lumotlar uchun mas’ul emas. Ba’zi qonunchilar bu tartibni o’zgartirishga chaqirmoqda.
Bu tartibni bekor qilsangiz, kompaniyalar xonavayron bo’ladi, deydi Tennesi universiteti So’z erkinligi markazi rahbari Ken Polson.
“Maqsadingiz “Facebook” va “Twitter”ni o’ldirish bo’lsa, shu yo’ldan borasiz. Bu yo’ldan borilsa, xizmatlar keskin cheklanadi yoki doim odamlarni chalg’itadigan, bezovta qiladigan ma’lumotlar tarqalishi xavfi bilan yashaysiz. Shu ikki tanlovdan boshqa yo’l yo’q. Kongress bu muammoni hal qila olmaydi, faqat “Twitter” va “Facebook”ni xonavayron qilishi mumkin, xolos”, - deydi Polson.
Saylov yaqinlashar ekan, internet kompaniyalari ham, jamoatchilik ham hozir muhim davrni boshdan kechirmoqda.