Nyu-Jersi va bir qator shtatlarda marixuana iste'moli qonuniylashtirildi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

3-noyabr kuni bir necha shtat marixuanadan ko’ngilochar maqsadlarda foydalanishni qonuniylashtirishni yoqlab ovoz berdi. Nyu-Jersi ulardan biri.

Nyu-Jersi janubidagi Bellmaur shahrida tibbiy marixuana tarqatiladigan dispanser bor.

Nyu-Jersida nashadan tibbiy maqsadda foydalanishga 2012-yil avgustda ruxsat berilgan.

“Bu mahsulotning ta’siri oddiy dorilarga qaraganda yaxshiroq. Aniq bir joyni nishonga oladi. Menga ko’p foydasi tekkan”, - deydi Garri Jon ismli iste’molchi.

3-noyabrda yoqlangan choraga ko’ra, endi nyu-jersiliklar marixuanadan ko’ngilochar maqsadlarda ham foydalanishi mumkin.

Shtat gubernatori Fil Merfi ham yangi qonun tarafdori.

“11 shtat va poytaxt Vashington marixuanini qonuniylashtirib, yangi ish o’rinlari yaratdi, iqtisodiyotni ko’tarib, ijtimoiy adolat ham o’rnatdi”, - deydi u.

Yangi chora tarafdorlariga ko’ra, shtat g’aznasi marixuana savdosidan har yili 120 million dollar daromad ko’radi va jinoyat darajasi ham kamayadi.

Ammo qarshilar fikricha, marixuana iste’moli avtomobil haydash bilan bog’liq xavfsizlikka oid muammolarni keltirib chiqaradi.

Greg Eduards nasha iste’moliga qarshi tashkilot asoschisi.

“Konstitutsion o’zgartirish bu. Ko’pchilik narkotik moddani qonuniylashtirish uchun konstitutsiyani o’zgartirayotganini tushunmaydi. Ular savolni to’g’ri o’qisa, buning boshqacharoq chorasi ham bordir, deb o’ylagan bo’lardi”, - deydi u.

Referendumda qatnashganlarning 66 foizi nashani qonuniylashtirishni yoqlab ovoz berdi.

“Martdan beri turli so’rovlarni kuzatdim. Odamlarning 60-70 foizi bu savolga ha, deb javob bergan”, - deydi Amanda Xuver ismli nyu-jersilik.

Saylov kuni Nyu-Jersidan tashqari Arizona, Janubiy Dakota va Montana shtatlari ham marixuanadan foydalanishni qonuniylashtirishni yoqlab ovoz berdi.