Avstriya Kansleri Sebastyan Kurz Yevropa yetakchilarini "siyosiy islom"ga qarshi umumiy front yaratishga chaqirmoqda.
"Men noto'g'ri qabul qilingan bag'rikenglikning tugashini hamda Yevropaning barcha xalqlari siyosiy islom mafkurasi bizning erkinligimiz va Yevropa turmush tarzi uchun qanchalik xavfli ekanligini nihoyat anglab yetishlarini istayman, - dedi Kurz Germaniyaning “Die Welt” gazetasiga. - Yevropa Ittifoqi kelajakda siyosiy islom muammosiga jiddiyroq e'tibor qaratishi kerak".
Dastlab Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan ilgari surilgan siyosiy islomga qarshi umumiy Yevropa frontini yaratish g'oyasini boshqa Yevropa rahbarlari, shu jumladan, Italiya tashqi ishlar vaziri ham qo'llab-quvvatlab, Yevropa Ittifoqi AQShning Vatanparvarlik to'g'risidagi qonuniga o’xshash hujjat qabul qilishi kerakligini aytdi. Bunday qonun xavfsizlik agentliklariga fuqarolar ustidan ko'proq kuzatuv olib borish vakolatini beradi.
Kurz siyosiy islom masalasini shu oy oxirida rejalashtirilgan Yevropa Ittifoqi sammiti kun tartibiga qo'yishini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, u Makron va ko'plab boshqa hukumat rahbarlari bilan shu masalada gaplashgan.
Avstriya kanslerining so’nggi bayonoti dushanba kuni Venada qurolli shaxs to'rt kishini o'ldirishi ortidan yangradi. Bu 1985-yildan beri Avstriya tuprog'ida sodir etilgan birinchi yirik terakt hisoblanadi.
Avstriya xavfsizlik xizmatlari voqeani sodir etishda ilgari terrorizmda ayblanib sudlangan 20 yoshli Avstriya-Shimoliy Makedoniya fuqarosini gumonlamoqda. Shveysariyada politsiya Venadagi hujumga aloqadorlikda ayblanib ikki kishini hibsga olgan. Shveysariya Adliya vaziri Karin Keller-Sutter mahalliy gazetaga bu ikki shaxs hujumchining "hamkasblari" ekanligini va uch kishi yaqinda yuzma-yuz uchrashganini aytdi.
So'nggi bir necha hafta ichida jangarilar tomonidan Parij, Nitsa, Drezden va Venada uyushtirilgan hujumlar to'lqini Yevropa bo’ylab xavotir uyg'otmoqda.
Dushanba kungi hujum uchun "Islomiy davlat" mas'uliyatni o'z zimmasiga olgan. Bu haqda guruh o’zining Amaq yangiliklar agentligi orqali xabar berib, qurolli shaxs terror guruhi yetakchisiga sodiqligi bo’yicha qasamyod qilayotgani ask etgan videoni ham tarqatgan.
"Dushman, islomch terror bizning jamiyatimizni ajratishni istaydi, - dedi Kurz. - Ammo biz bu nafratga joy bermaymiz. Bizning dushmanlarimiz biror diniy jamoaning a'zolari emas, ular terrorchilar. Xristianlar va musulmonlar yoki avstriyaliklar va muhojirlar o’rtasida emas, aksincha, sivilizatsiya va vahshiylik o'rtasidagi kurash ketyapti”.
Ba'zi rahbarlar va mamlakatlar fikricha, Kurz va Makron tutgan pozitsiyadan jangarilar Yevropani Islomga qarshi ko'rsatish uchun foydalanishi mumkin.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Fransiya prezidentining so'nggi paytlarda Islom dini "inqirozga uchragan" degan so'zlari uchun jidiy norozilik bildirdi. Fransiya hukumatining payg'ambar Muhammad karikaturalarini namoyish qilish huquqini qo'llab-quvvatlashi Anqarani g'azablantirdi. Erdog'an Makronni ruhiy beqarorlikda aybladi. Bu ayblov ortidan Parij Turkiyadagi elchisini chaqirib oldi.
Makron o'tgan oy Parij chetida islom payg’ambarini tahqirlovchi suratlarni o’quvchilarga ko’rsatgan o'qituvchi Semuel Pati o'ldirilishi ortidan so'z erkinligini qo'llab-quvvatlashini bir necha bor ta'kidlagan edi.
Erdo'g'an fransuz mahsulotlarini boykot qilishga chaqirdi. Fors ko'rfazi va Iordaniyada ham chakana savdo korxonalari Fransiya mahsulotlariga boykot e'lon qildi.
Fransiya payshanba kuni Erdog'an fikrlarini qoralab, Yevropa Ittifoqini Anqaraga qarshi yangi sanksiyalar qo’llashga chaqirdi.
"Hozir Prezident Erdog'an muntazam ravishda zo'ravonlik deklaratsiyalarini, hatto nafrat aks etgan bayonotlarni chiqarmoqda. Bu qabul qilib bo’lmas holat", - dedi Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian "Europe 1" radiosiga.
“Bosim vositalari mavjud. Mumkin bo'lgan sanksiyalar kun tartibiga qo’yilishi mumkin”, - deya qo’shimcha qildi u.
Makron chorshanba kuni "islomni emas, islomchi separatizm"ni nishonga olmoqchi ekanligini ta'kidlab, "Fransiya musulmonlarini qoralamoqchi emasman" dedi.
"Men hech kimning Fransiya yoki uning hukumati musulmonlarga qarshi irqchilikni kuchaytirmoqda, deb da'vo qilishiga yo'l qo'ymayman", dedi u Britaniyaning “Financial Times” gazetasida chop etilgan maktubida.
Bangladesh, Indoneziya va boshqa ko’plab musulmon davlatlarida Makronga qarshi mitinglar bo'lib o'tdi. Dushanba kuni Bangladeshda o’tgan namoyishda 50 mingga yaqin odam Fransiya rahbari aks etgan suratlarga o’t qo’ydi. Jakartada 2000 nafar indoneziyalik "Payg'ambarimiz Muhammadga tuhmat qilmang" degan shiorlar bilan Fransiya elchixonasi oldida norozilik namoyishini o'tkazdi.
Italiya Tashqi ishlar vaziri Luidji Di Mayoning ta'kidlashicha, Yevropa "Nitsa va Venadagi kabi fojialarning oldini olishga qodir choralar ko'rishi kerak". U o'zining “Facebook”dagi sahifasida "Bu voqealar qarshisida Yevropa va Italiya shunchaki quruq so'zlar bilan kifoyalanib qolmasligi lozim", deb qo'shimcha qildi.
Di Mayoning ta'kidlashicha, Yevropa masjidlarga nisbatan qattiqroq nazoratni amalga oshirishi va noqonuniy immigratsiyani cheklash uchun yanada dadilroq qadamlar qo'yishi kerak.
Payshanba kuni Italiya Yevropadagi so'nggi hujumlar sababli chegara tekshiruvlarini kuchaytirishi haqida e'lon qildi. Mintaqaning boshqa davlatlari singari Rimdagi rasmiylar ham terrorizm xavfini yuqori darajaga ko'tardi. Britaniya xavfsizlik xizmati xodimlarining ogohlantirishicha, Nitsa va Venadagi hujumlar boshqa jangarilarni jonlantirishi mumkin.