Jo Baydenning AQSh prezidentligi uchun kechgan saylovda g’olib deb e’lon qilinishi Yevropaning liberal va markazchi partiyalarini quvontirdi. Ammo qit'aning populist va millatchilari, shu jumladan, Markaziy Yevropaning ba’zi rahbarlari uchun bu kutilmagan va yoqimsiz xabar bo’ldi.
Yevropaning ayrim siyosatchilari Oq uydagi yaqin ittifoqchisi va qo’llab-quvvatlovchidan ayrilib qolishdan xavotirda.
"Trampning mag'lubiyati Yevropada ham o'ta o'ng populistlar g'alabasi intihosining boshlanishi bo'lishi mumkin", - deb yozdi “Twitter”da Yevropa Kengashining sobiq prezidenti va hozirda Yevropaning eng yirik transmilliy siyosiy harakati bo'lgan Yevropa Xalq partiyasi rahbari Donald Tusk.
Yevropaning aksariyat rahbarlari Jo Baydenni g’alabasi bilan tabriklab ulgurdi. Millatchi yoki populist hukumat yetakchilari esa tabrik so’zini yo’llashga shoshilmadi.
Ular qatorida Melaniya Tramp tug'ilib o’sgan Sloveniyaning Bosh vaziri Yanez Yansha ham bor. Baydenning g'olib chiqqanini shubha ostiga olgan Yansha “Twitter” orqali chiqargan bayonotida natijalar erta e’lon qilinganini ta’kidladi. "Sudlar hatto hali qaror qabul qilishni boshlamadi", deb yozdi u.
Trampni maslakdoshi sifatida ko’radigan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ham shanba kuni AQShning yangi saylangan prezidentini tabriklashga shoshilmadi. Orbanning siyosiy ittifoqchilariga qarashli, hukumatni qo'llab-quvvatlovchi yangiliklar sayti Amerikada tartibsizliklar hukmron ekanini e'lon qilib, Baydenni g'olib deb atagani uchun "katta ommaviy axborot vositalari"ni tanqid qildi.
Ammo Orban dushanba kuni fikrini o’zgartirib, Baydenni g’alaba bilan tabrikladi. Buni telefon orqali emas, balki maktub jo’natish orqali amalga oshirdi.
“Muvaffaqiyatli prezidentlik kampaniyasi olib borganingiz bilan tabriklashga ijozat bergaysiz. Sizga sihat-salomatlik va o'ta mas'uliyatli vazifalaringizni bajarishda davomiy muvaffaqiyatlar tilayman", - deb yozdi Orban davlat axborot agentligi tomonidan e’lon qilingan xatda.
2022-yilda bo'lib o'tadigan saylovlarda qayta saylanishni umid qilayotgan Orban uzoq yillik yetakchiligi davomida mamlakatda demokratiyani xavf ostiga qo’yganlikda ayblanib, Obama ma'muriyati tanqidiga uchragan edi. Bayden o’sha paytlar Obamaning vitse-prezidenti bo'lib ishlagan. AQSh Davlat departamenti tomonidan Vengriyada mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo’llab-quvvatlash uchun 700 ming dollar miqdorida grant ajratilishi ham Orban hukumatini norozi qilgan.
Yevropa Ittifoqining bosimi
Trampning hokimiyatdan ketishi ma’lum bo’lgan bir paytda Markaziy Yevropaning ba’zi hukumatlari uchun Bryussel tomonidan ham bosim oshib bormoqda. Yevropa Ittifoqi parlamenti va Yevropa Kengashi blok mablag'larini ajratish sharti sifatida Vengriya va Polsha kabi davlatlardan demokratik qoidalarni qo'llab-quvvatlashni talab qilmoqda. Aks holda ular ittifoq ajratadigan moliyaviy yordamdan quruq qoladi.
Vengriya hukumati o’z navbatida Yevropa Ittifoqini dolzarb muammolarga, shu jumladan, kuchayib borayotgan antisemitizm va islomiy terrorizmga e'tibor qaratmayotganlikda aybladi.
"Migratsiyaga, multikulturizmga yo'q deganimiz uchun va oilaning jamiyatdagi o'rni to'g'risida boshqacha qarashda bo’lganimiz uchun qonun ustuvorligi bahonasi bilan bizga g’oyaviy bosim o’tkazishmoqda", - dedi Vengriya Adliya vaziri Judit Varga.
Trampning ketishi populist rahbarlarga Bryussel va blokning liberal qarashli G'arbiy Yevropa davlatlari bilan to'qnashuvlarda yaqin hamkorning boy berilishini anglatadi, deydi tahlilchilar. Vashingtonda g’oyaviy jihatdan yaqin ittifoqchining hokimiyatdan ketishi saylovlarda Yevropaning o’ng qanot partiyalariga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Polsha Prezidenti Anjey Dudaning yaqinda o’tgan saylovda qayta g'olib bo'lishiga Tramp bilan yaqin aloqalarga ega ekani yordam bergani aytiladi. Saylov arafasida Dudaning Oq uyga tashrifi, shuningdek, Trampning Germaniyada joylashgan Amerika qo'shinlarining bir qismini Polshaga ko'chirish to'g'risidagi qarori Dudaning saylovoldi kampaniyasini kuchaytirdi, deydi kuzatuvchilar.
Bayden qonun ustuvorligi masalalarida ancha qattiqroq bo'lishi kutilmoqda, ammo diplomatlarning ta'kidlashicha, u Markaziy Yevropaning populist hukumatlari bilan tuzilgan harbiy va ishbilarmonlik shartnomalarini bekor qilishga shoshilmaydi. Chunki bunday qadam Yevropada Vashington ta’sirini imkon qadar kamaytirishga urinayotgan Rossiya foydasiga ishlashi mumkin.
Liberalizm populizm ustidan g’alaba qozondimi?
Bo’lajak saylovlarda hokimiyatni qo’lga kiritishga urinayotgan populistlar, xususan, Italiyada “Lega” partiyasidan Matteo Salvini, Fransiyada “Milliy Front” yetakchisi Marin Le Pen va Germaniyaning “AfD” partiyasi rahbarlaridan biri Tino Xrupalla Bayden g’alabasi ortidan liberalizm g’oyalari yana kuchaygan bir muhitda kurash olib borishiga to’g’ri keladi. Germaniyada allaqachon “AfD” partiyasi reytinglari pastlagn va kelasi yil Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron qayta saylanishi kutilmoqda.
Ushbu optimistik ssenariy bo'yicha, 2024-yilgi saylovda Britaniyada ham Leyboristlar partiyasi populistlarga moyil konservatorlardan hokimiyatni tortib olishi mumkin.
Britaniyaning Leyboristlar partiyasidan sobiq deputat va Yevropaning bir muddatlik vaziri Denis Maksheynning aytishicha, Baydenning g'alabasi populist millatchilar hamma joyda ustunlikni qo’lga kiritayotgani haqidagi da’volarning noto’g’ri ekanini isbotladi. Unga ko’ra, so'nggi oylarda o'tkazilgan bir qator saylovlarda populistlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
“Ispaniya, Portugaliya, Shvetsiya, Daniya va Finlandiyaning barchasida bosh vazirlar sotsial-demokratlardan. Yashillar - Yevropa siyosatida o’sib kelayotgan yangi kuch. Yangi Zelandiyada Leyboristlar partiyasidan Jasinda Ardern yana g’alaba qozonib, o'ng qanot millatchi populist muxolifatni mag’lubiyatga uchratdi”, - deb yozdi Maksheyn Britaniyaning “The Article” yangiliklar saytida.
"Endi siyosatshunoslar, ziyolilar va sharhlovchilar ishga kirishishlari va yaqin o'n yillikdagi siyosatda populizm muhim ahamiyatga ega bo’ladi, degan qarashga suyanishni bas qilishlari kerak", - deb qo’shimcha qildi u.
Ammo AQShdagi saylovda har ikki nomzod uchun berilgan ovozlar miqdori bir-biriga yaqinligi, shuningdek, Vakillar palatasida respublikachilarning avvalgidan ko’ra ko’proq o’rin qo’lga kiritgani hamda Senatdagi ustunlik yana respublikachilar qo’lida qolishi ehtimolining mavjudligi Yevropaning populist millatchilariga biroz taskin bermoqda.
Ularning ta'kidlashicha, saylovlar populizm rad etilganini anglatmaydi, chunki Tramp o'zining umumiy ovozini oshirishga muvaffaq bo'ldi. Tramp mag'lub bo'lgan taqdirda ham o'zining saylov koalitsiyasini kengaytira oladi, deydi AQSh prezidentining Yevropadagi tarafdorlari.
Shuningdek, ularga ko’ra, populist millatchilik uzoq vaqtdan beri mavjud va hozirda chuqur ildiz otib bo’lgan. Hisobdor bo’lmagan xalqaro tashkilotlardan qo’rquv va immigratsiya bo’yicha bahslar davom etayotgan bir paytda aholi orasida amaldagi partiya va siyosiy elitalarga ishonchsizlik davom etadi, deydi ular.
Lekin koronavirus pandemiyasi davrida yevropalik populistlarga bo’lgan qo’llab-quvvatlov pasaydi. Britaniyada “YouGov” o’tkazgan so'rovda Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiya singari Yevropaning sakkiz mamlakatida populistik qarashni yoqlovchilar kamaygani kuzatilgan. Siyosatshunoslarning ta'kidlashicha, ushbu natijalar pandemiya bilan bog'liq bo'lishi mumkin, chunki odamlar milliy inqiroz davrida o'z hukumatlari atrofida jipslashishi tendensiyaga aylangan.
Ammo ba'zi tahlilchilarning aytishicha, populistik e'tiqodni qo'llab-quvvatlash tezda tiklanishi mumkin, chunki inqiroz iqtisodiy tushkunlikka aylanib, siyosatga yanada ishonch kamaymoqda. Bu orada migratsiya ham ko'payishi mumkin. Yashil iqtisodiyotga o'tish chaqiriqlari, shuningdek, populistlarga o'z tarafdorlarini jalb qilishga yordam berishi kutilyapti.
"Biz populistik davrda yashayapmiz", - deydi Germaniyada joylashgan Kiel Jahon Iqtisodiyot Instituti tadqiqotchisi Kristof Trebesh.
U AQShdagi saylovlar natijasi populist millatchilikning oxiri sifatida qabul qilinishiga ishonmaydi.
"Men o'zgarish yuz berayotganining dalillarini ko'rmayapman. Deylik, Bayden 10 foiz ovoz bilan ham g’alaba qozonmadi. Hammasi o'z holiga qaytadi deb o'ylashga erta. Populistlarning yaxshi va yomon tomonlari bor, ammo ularga xayrixoh tendensiya yuqoriga qarab ketmoqda", - deydi u.