AQShda nafratga asoslangan jinoyatlar o'tgan yili 2,7 foizga o'sgan. Bu so'nggi o'n yildagi eng yuqori ko’rsatkich, deyiladi Federal qidiruv byurosi e’lon qilgan yangi hisobotda.
O'tgan yili 7314 ta nafratga oid jinoyatlar sodir bo'lgan, 2018-yilda esa bunday jinoyatlar soni 7120 tani tashkil qilgan.
Prezident Donald Tramp ma'muriyatining dastlabki uch yilida nafratga asoslangan jinoyatlar qariyb 21 foizga o'sdi, faqat 2018-yilga kelib biroz pasayish kuzatildi. Jinoyatchilikning kuchayishi ultra o'ng qanot harakatlarning kuchayishi bilan bog’lanadi. Tramp oq tanli ayirmachilarni qoralagan bo'lsa-da, ekstremizmni nazorat qiluvchi tashkilotlarga ko’ra, prezident tomonidan ularning oshkora va erta tanqid qilinmagani bunday guruhlarning faollashishiga hissa qo’shgan. Masalan, ispanzabonlarga qarshi nafrat jinoyatlari Trampning birinchi uch yilidagi faoliyati davomida 53 foizga o'sdi, deya xabar beradi FQB.
Federal qidiruv byurosi irqi, millati, ajdodlari, dini, jinsiy oriyentatsiyasi, nogironligi nishonga olingan huquqbuzarliklarni nafratga asoslangan jinoiy harakatlar deb ta'riflaydi.
Garchi nafrat jinoyatlarining aksariyati zo'ravonliksiz bo'lsa-da, hisobotda zo'ravonlik va qotillik kabi jinoyatlar ko'paygani ham qayd etilgan.
Oq irqchilar tomonidan uyushtirilgan hujumlar, shu jumladan, 2019-yil avgust oyida El Paso supermarketida 23 kishini hayotdan olib ketgan xuruj sababli nafratga asoslangan qotilliklar ikki baravarga ko'payib, rekord 51 tani tashkil etgan.
O'tgan yili nafratga asoslangan qotilliklarning ketma-ket uchinchi bor o'sishi qayd etildi. Nafrat va ekstremizmni o'rganish markazi tomonidan e’lon qilingan ma'lumotlarga ko'ra, o'tgan yili oq tanli irqchilar va boshqa o'ta o'ng qanot ekstremistlar tomonidan sodir etilgan qotilliklar ham uchinchi yil ketma-ket ko'paygan.
"Ushbu irqchi qotillar ekstremizm motivi asosidagi qotilliklarning asosiy qismini tashkil etadi. Bu 2018-yil sodir etilgan barcha ekstremistik qotilliklardan ham ko’proq", - deyiladi markaz hisobotida.
FQB hisobotida aytilishicha, 2001-yildan beri nafratga asoslangan xurujlar soni ketma-ket oltinchi marta o’smoqda. O'tgan yili 866 ta og'ir tajovuz sodir qilingan, bundan avvalgi yil ular soni 818 ta edi.
O'tgan yillardagi kabi, 2019-yilda ham qayd etilgan nafrat jinoyatlarining aksariyati irq, etnik kelib chiqish va dinni nishonga olgan.
Antisemitizm jinoyati 14 foizga ko'tarilib, 953 ga yetgan. Bu 2008-yildan beri eng yuqori ko'rsatkich.
Ispanzabonlarga qarshi jinoyatlar 2019-yilda qariyb 9 foizga o'sib, 527 taga yetgan; bu miqdor 2010-yildan beri eng yuqori ko'rsatkich. Arablarga qarshi hujumlar esa 16 foiz oshib, 95 ta jinoyat sodir etilgan. Ayni paytda musulmonlarga qarshi nafrat jinoyatlarida ketma-ket uchinchi bor kamayish kuzatilgan: 188 tadan 176 taga tushgan. 2016-yilda ular soni 308 ta edi.