AQSh rasmiylari xulosasiga ko’ra, Al-Qoida guruhi hanuz tahdid manbai sifatida qolayotgan bo'lsa-da, lekin u jiddiy tanazzulga yuz tutgan.
Al-Qoidaning tahdid solish imkoniyatlari bo’yicha Qo'shma Shtatlar va uning ittifoqchilari o'rtasida farqli qarashlar bor. Aksilterrorizm bo'yicha ba'zi ekspertlar Vashington terror guruhi tahdidini past baholayotganidan xavotirda.
Seshanba kuni AQSh Davlat departamentining terrorizmga qarshi kurash bo'yicha yuqori darajali rasmiysi Al-Qoida AQSh sa'y-harakatlari natijasida sezilarli darajada tanazzulga uchraganini aytdi.
"Menimcha, Al-Qoida oyog’ida arang turibdi, bu shubhasiz", - dedi terrorizmga qarshi kurash bo'yicha koordinator elchi Natan Seyls xavfsizlik bo’yicha o’tgan virtual forumda.
"So'nggi 20 yil ichida biz ularning yetakchilarini yo'q qildik, Al-Qoida tepasida faqat avvalgi yetakchilarning qoldiqlari qoldi", - dedi u.
Avvalroq AQShning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Robert Obrayn ham Al-Qoidaning zarar yetkazish qobiliyati jiddiy susaytirilganini aytgan edi.
“Al-Qoida biz ularga qarshi bosim o'tkazganimiz sababli AQShga qarshi murakkab, keng ko'lamli hujumni amalga oshirishga qodir emas", - dedi u.
Seyls ham, Obrayn ham Al-Qoidaning uzoq yillik rahbari Ayman al-Zavohiriy og’ir xastalikka chalingani haqidagi xabarlarga izoh bermadi. “Nyu-York Tayms” gazetasi xabariga ko’ra, Zavohiriyning ehtimoliy vorisi Abu Muhammad al-Masriy Isroilning o'tgan avgust oyida Tehronda o'tkazgan operatsiyasida o'ldirilgan. AQSh rasmiylari bu ma’lumotga ham to’xtalmadi.
Qarama-qarshi fikrlar
Xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo'yicha bir qator rasmiylar va Afg'onistonning xavfsizlik xizmati xodimlari Al-Qoidaning terror manbai sifatida hanuz ta’sirchan guruh ekanini da’vo qilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining a'zo davlatlar razvedkasiga asoslanib tarqatgan so’nggi ma’lumotiga ko’ra, guruh rahbariyati Afg'onistonning 12 viloyatida ish olib bormoqda; domiy jangchilari soni 600 ga yaqin ekani aytiladi.
Bu ma’lumotlar AQSh rasmiylari xulosasiga zid. Vashingtonga ko’ra, Al-Qoidaning faol jangarilari soni “bir necha o’n kishi”dan oshmaydi.
Tolibon va al-Qoida aloqalari
Afg'oniston bo'yicha Mudofaa vazirligi bosh inspektorining seshanba kuni e'lon qilingan yangi hisobotida al-Qoida va Tolibon munosabatlariga ham e’tibor qaratilgan.
"Ayni paytda Tolibon o'z zimmasiga olgan majburiyatlarni qanchalik bajarayotgani aniq emas. Afg'oniston AQShga tahdid soluvchi terrorchilarga boshpana bergan yoki bermayotganini ham bilish mushkul”, - deydi Bosh inspektor vazifasini bajaruvchi Shon Odonnel.
Hisobotda, shuningdek, Al-Qoida rahbariyati fevral oyida AQSh va Tolibon o'rtasidagi kelishuvni olqishlagani ta'kidlanadi.
"Kelishuv Tolibondan Al-Qoidani ochiqchasiga rad etishni talab qilmaydi hamda Qo'shma Shtatlar va koalitsiya kuchlarining chiqish muddati belgilangani Al-Qoidaning asosiy maqsadlaridan biriga xizmat qiladi", - deyiladi hisobotda.
Hisobot chiqarilishidan oldin gapirgan Seylsning aytishicha, o'tgan fevral oyida imzolangan bitim shartlari "juda aniq".
"Biz shartlar ijrosini juda diqqat bilan kuzatib boramiz, - dedi u. - Biz ulardan o'z majburiyatlarini bajarishlarini kutmoqdamiz".
Afrikadagi Al-Qoida tarmoqlari
Ayni paytda Seylsning aytishicha, AQSh bundan buyon Al-Qoidaning Afrikadagi tarmoqlariga jiddiyroq e’tibor qaratadi. Al-Shabab, Nasr al-Islom val Muslimin (JNIM), Islom Mag'ribidagi Qoida (AQOM) kabi guruhlar hanuz katta tahdid manbai ekani aytiladi.
"Ushbu guruhlar Al-Qoidadan ancha mustaqil tarzda kurashni davom ettirmoqda", - dedi Seyls.
Uning qo’shimcha qilishicha, Al-Shababni zararsizlantirish AQSh uchun “muhim vazifa”.
O'tgan yili yuz bergan xurujlar Al-Shababning hanuz katta kuchga ega ekanini ko’rsatdi. Yanvar oyida Keniyadagi Manda Bay aerodromida yuz bergan qonli hujum hatto AQSh kuchlarini ham shoshirib qo’ydi.
Al-Shababga qarshi davom etayotgan kampaniyaning bir qismi sifatida AQSh terrorchi guruhlar yetakchilarini nishonga olishda uchuvchisiz dronlarga ko’proq tayanmoqda.
Ayni paytda AQSh boshqa jabhalarda ham harakatlarni kuchaytirmoqda.
Davlat departamenti seshanba kuni Al-Shababning ikki yuqori lavozimli rasmiysini - portlovchi moddalar bo'yicha mutaxassis va ommaviy axborot vositalari bo’yicha rahbar Abdullohiy Usmon Muhammadni hamda “Jaysh Ayman” bo'linmasi qo'mondoni Maalim Aymanni global terrorchilar ro’yxatiga kiritdi.
Seyls Al-Shababni "dunyodagi eng xavfli va al-Qoidaning qobiliyatli sheriklaridan biri" deb ta'rifladi va guruh yetakchilarining terrorchilar ro’yxatiga kiritilishi guruh moliyaviy manbalariga jiddiy zarar yetkazishini ta’kidladi.
"Belgilangan shaxslar yoki tashkilotlar xalqaro moliya tizimi orqali pul ko’chirishi ancha qiyinlashadi", - dedi u.
"Biz ushbu kurashga barcha vositalarni jalb qilmoqdamiz, - deya qo'shimcha qildi Davlat departamenti rasmiysi. - Nafaqat sanksiyalar, balki axborot almashish, xabarlarni tarqatish, guruh harakatini cheklash va muhim nishonlarni himoya qilish uchun sheriklar salohiyatini oshirish bo’yicha ishlayapmiz".
Birlashgan Millatlar Tashkilotining o'tgan oy e'lon qilgan hisobotida Al-Shababning 2019-yil kamida 21 million dollarlik byudjeti bo’lgani va o'tgan avgustda tugagan to'qqiz oylik davr mobaynida to'rtta manbadan kamida 13 million dollar yig'ishga muvaffaq bo'lgani aytiladi.