Qo’shma Shtatlar va Tolibon Afg’onistondagi urushni tugatish bo’yicha ikki tomon o’rtasida shu yil boshida imzolangan kelishuv shartlariga “qat’iyan amal qilishga” kelishib oldi.
“O’z hissamizni qo’shamiz va uning qanday tatbiq etilayotganini kuzatamiz. Barcha tomonlar o’z majburiyatlarini bajarishi kerak”, - deydi AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod.
Halilzod hamda AQSh va NATO kuchlarining Afg’onistondagi qo’mondoni Skott Miller jangarilar bilan bu haqda Qatarda gaplashib olgan.
Zo’ravonlikni kamaytirishga qaratilgan bitim ish bermayotgan ko’rinadi. O’tgan hafta Hilmand viloyati, jumladan poytaxtida, qonli janglar kechdi. Afg’oniston armiyasi va AQSh kuchlari toliblarni havodan o’qqa tutgan. Zo’ravonlik ketidan taxminan 5600 oila uy-joyini tashlab ketgan.
Xunrezlikni kamaytirish uchun tomonlar aynan qanday qadamlar tashlashi ma’lum emas.
“Bu amaliyotlar kamayishini anglatadi. Ayni paytda juda ko’p afg’onlar halok bo’lmoqda. Muloqotimiz ketidan amaliyotlar sezilarli darajada kamayishini kutamiz”, - dedi Zalmay Halilzod.
Fevralda erishilgan kelishuvga ko’ra, Tolibon al-Qoida va boshqa terrorchi guruhlar bilan aloqani uzishi, hukumat bilan dialog boshlashi, AQSh esa 2021-yilgacha qo’shinlarini Afg’onistondan olib chiqishi kerak.
Kobul va jangarilar orasida muloqot boshlanganiga bir oy bo’ldi. Biroq zo’ravonlik sur’ati pasayish o’rniga, aksincha, oshib bormoqda.
“So’nggi haftalarda hujumlar ko’paygani tinchlik jarayoniga xavf solmoqda”, - deydi Halilzod.
Afg’oniston hukumati vakillari va Tolibon o’rtasida uchrashuvlar Qatarda 12-sentabrda boshlanganidan buyon biror yangilik yo’q.
Prezident Donald Tramp Afg’onistondagi amerikalik harbiylar yangi yilgacha uyga qaytishi lozim, deya tvit yozdi. Afg’on rasmiylarining afsus bilan qayd etishicha, bunday bayonot muzokarada toliblarga ustunlik beradi, hujumlar kuchayishiga olib keladi.
Afg’oniston Milliy birdamlik oliy kengashi rahbari Abdulla Abdulla fikricha, toliblar Trampning tvitini o’z foydasiga deb hisoblab, AQSh qo’shinlari ketgan taqdirda kuchini ko’rsatishi mumkin.
“Hech kim mavzuga oydinlik kiritmayapti”, - dedi Abdulla Financial Times gazetasi bilan suhbatda.
Facebook Forum