Rossiya propagandaning yangi usullariga tayanmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda 2020-yilgi prezidentlik saylovlariga Rossiya yana aralashadimi, degan xavotirlar mavjud edi. Hozirgacha ma’lum ma’lumotlarga ko’ra, bu yilgi saylovda 2016-yilgi holat takrorlanmagan.

Ammo AQSh razvedkasining amaldagi va sobiq amaldorlari hamda tahlilchilar fikriga ko'ra, xursand bo’lishga hali erta.

Ularning ogohlantirishicha, rossiyaliklar kelajakdagi amaliyotlar uchun poydevor qo'yish bilan shug'ullanmoqda.

Bu safar Kreml amerikalik saylovchilarning fikrlarini chalg'itishga urinish uchun trollar va ijtimoiy tarmoqlardagi soxta akkauntlardan foydalanish o'rniga, Rossiyaga xizmat qiluvchi OAVlarning ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriyasini kengaytirish bilan band bo’ldi.

"Ushbu aksiyalarning aksariyati millionlab odamlarni jalb qilmoqda”, - deydi “Omelas” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Evanna Xu.

Mudofaa pudratchilari uchun onlayn ekstremizmni o’rganish bilan shug’ullanuvchi “Omelas” firmasi saylovgacha bo’lgan 90 kun davomida 11 ta ijtimoiy tarmoq platformasidagi 1,2 million postni va yuzlab RSS kanallarini tahlil qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin RT kanaliga intervyu bermoqda, Moskva, 2013-yil, 11-iyun

Rossiyaning G’arbni nishonga oluvchi eng sermahsul nashrlari sifatida RT, Sputnik, TASS va Izvestia TV kabi davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan ommaviy axborot vositalari topildi.

“Omelas”ga ko’ra, Rossiyaning tashviqot va ta'sir o’tkazish vositalari tomonidan chiqarilgan postlarning atigi 20% ingliz tilida. Ularning qirq foizi rus tilida bo’lib, qolganlari ispan, arab, turk va boshqa tillarda chop etilgan.

Rossiya homiyligidagi ommaviy axborot vositalari

AQSh rasmiylari ushbu harakatlarning Amerika fuqarolariga ko'rsatgan ta'siri haqida ochiq gapirishni istamaydi, chunki bu ta'sirni o'lchashning oson yo'li mavjud emas.

Masalan, 2016-yilgi saylovlardan so'ng AQSh razvedka rasmiylari Rossiya o'sha paytdagi nomzod Donald Tramp g’olib chiqishini istaganini aniqlagan, ammo ularning harakati tufayli biron bir amerikalik boshqacha ovoz berganmi yoki yo'qmi, degan savolga aniq javob topilmagan.

Shunga qaramay, "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan bir necha rasmiylarning aytishicha, agar harakatlar natija bermasa, Rossiya bunday harakatlarni moliyalashni uzoq davom ettirmasligi mumkin.

Davlat departamentining 2020-yil avgust oyida e'lon qilingan hisobotiga ko’ra, Moskva "o'zining tashviqot kanallari, razvedka xizmatlari va ishonchli vakillariga juda katta mablag' sarflaydi".

Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi rasmiylari saylov kuni matbuot anjumani o’tkazib, amerikaliklarni Rossiyaga aloqador manbalardan keladigan har qanday ma'lumotni "juda katta shubha bilan qabul qilishga" chaqirdi.

Dezinformatsiyaga qarshi kurash

RT va Sputnik kabi Rossiyani qo'llab-quvvatlaydigan axborot vositalariga qarshi takroriy ogohlantirishlar, hech bo'lmaganda, bu oy o’tgan prezident saylovlarida o'z samarasini berdi.

"Ular (RT va Sputnik) saylovlardagi firibgarliklar to'g'risida yolg'on xabarlar bo'yicha olib borgan tahlillarimizning hech birida asosiy manba emas", - deydi Vashington universiteti professori yetakchi tadqiqotchisi Keyt Starbird.

"Ular ba'zida allaqachon tarqalayotgan dezinformatsiyani kuchaytiradi, - deya qo'shimcha qildi u. - Ammo ular, odatda, jarayonga kech qo’shiladi va kamdan-kam hollarda dezinformatsiya yo'nalishini o'zgartira oladi".

Ba'zi razvedka amaldorlari va tadqiqotchilari hozircha bu ta’sir o’tkazish uchun yetarli bo'lishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Propagandaning yangi ko’rinishlari

Targ’ibot ishlarining ta’sir kuchini oshirish hamda tarqatilayotgan ma’lumotlarning Rossiyadan kelayotganini yashirish uchun RT va Sputnik kabi OAVlar o’z muxbirlarining shaxsiy sahifalaridan ham foydalanish yo’lidan bormoqda.

Masalan, “Instagram”dagi “Redfish” sahifasi shu maqsadga xizmat qiladi.

"Ular Jorj Floydning norozilik namoyishlarini keng yoritishdi va hozirda siz amerikaliklar bu ma’lumotlarni millionlab marta boshqalar bilan bo'lishayotganini ko'rasiz", - deydi Federal Qidiruv byurosi sobiq agenti, Rossiya dezinformatsiyasini uzoq yillar o’rgangan tadqiqotchi Klint Uotts.

Ultra o’ng qanot ko’nglini ovlash

Rossiya o'ta o'ng tomon bilan til topishish yo'llaridan ham foydalanmoqda.

Kanadaning “Global tadqiqot” vebsayti yoki Rossiyaning "Strategik madaniyat fondi" kabi rus proksi saytlari koronavirus kabi mavzularda fitna nazariyalarini kuchaytirishga hissa qo’shmoqda. Bu haqda AQSh Davlat departamenti hisobotida so’z boradi.

Uotts singari tadqiqotchilarning aytishicha, Rossiya moliyalaydigan bu manbalardan tarqalgan ma’lumotlar so’ng “ZeroHedge” yoki “The Duran” kabi o'ta o'ng qanot vebsaytlarga kirib boradi va yanada keng tarqaladi.

"QAnon” harakatiga aloqador barcha sahifalar Rossiya tarqatadigan narsalarni yaxshi ko'radi", - deydi o’z nomi oshkor qilinishini istamagan yana bir tadqiqotchi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

O’rta oqimga qo’shilishga urinish

Rossiyaning tashviqot harakatlari Amerika siyosatining faqat ikki chetida aylanmaydi. Ular markazdagi auditoriya e’tiborini qozonishga ham urinmoqda.

“Ular Amerikaning o’ng yoki so’l qanotidan kimnidir tanlab olib, mavzuni shu qadar ko’p aylantirishadiki, natijada o’rta oqimdagi Amerika OAVlari ham bu mavzuni ko’tarib chiqadi”, - deydi “Omelas” rahbari Evanna Xu.

20-noyabr kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp RT uchun doimiy ravishda maqolalar yozib keladigan Ueyn Duprining bir necha tvitlarini bo’lishdi.

Bir necha kun oldin Dupri RT saytida e’lon qilingan maqolasida demokratlarni firibgarlik yo’li bilan AQShning adolatli saylov tizimini buzishga urinayotganlikda ayblagan edi.

"Ularning barchasi, shuningdek, Amerika xalqining miyasini yuvish bilan shug’ullanadigan yirik yangiliklar tarmoqlari keskin pastga qulaydi. Butun tizim qulamoqda, odamlar. Tayyor bo'ling", - deydi Dupri.

Bir qator tadqiqotchilar va AQSh kontrrazvedka rasmiylari bu kabi hodisalar odatiy holga aylanayotganini aytadi.

Iyun oyida AQSh rasmiylari va qonunchilarining ogohlantirishicha, RT kanali ba’zi mahalliy AQSh politsiyachilari va kasaba uyushma mansabdorlarining aytgan gaplariga alohida urg’u berib, vaziyatni bo’rrtirib, ziddiyatlarni qasddan kuchaytirishga uringan.