O’zbekiston matbuoti bosimga olingani haqida xabarlar chiqishi ortidan hukumat so’z erkinligini rivojlantirish qarorida qat’iyligi haqida bayonot bermoqda.
Bu haqda Toshkentda hukumatdagi bir qator vazirlik va idoralar rahbarlari jam qilingan anjumanda bildirilgan.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Senat raisi o’rinbosari Sodiq Safoyev, AOKA rahbari Asadjon Xo’jayev, Inson huquqlari bo’yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, mamlakatdagi xalqaro diplomatik korpus vakilliklari, jurnalistlar, blogerlar ishtirokidagi davra suhbati hukumat so’z erkinligini rivojlantirish qaroridan chekinmasligi, islohotlar davom etishiga doir bayonotlardan iborat bo’lgan.
Rasmiylar eski va yangi O’zbekistonni qiyoslagan, so’ngi to’rt yilda jadal islohotlar amalga oshirilayotganini, inson huquqlari va so’z erkinligini ta’minlash hukumatning ustuvor maqsadi bo’lib qolishini ta’kidlagan.
Xalqaro press-klubda tashkil qilingan bu anjuman noxolislikda ayblangan O’zbekiston nashrlari prezident ma’muriyati huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan jiddiy huquqiy oqibatlar haqida ogohlantirilishi, bu bosim jamoatchilikda jiddiy munozara qo’zg’ashi ortidan o’tkazildi.
Mustaqil jurnalistlar hukumatning so’z erkinligini rivojlantirish qarorida qat’iyligi haqidagi bayonotlarga qaramasdan, hukumat bosimi o’z ta’sirini ko’rsatishi, o’zbek matbuoti sahifalaridan dolzarb ijtimoiy mavzular, jumladan, energetik inqirozga doir muammolar ham g’oyib bo’lishni taxmin qilishmoqda.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining matbuotga ogohlantirishlari noyabr oyida berilgan edi. Bu ogohlantirishlar ortidan o’zbek matbuotida aholini qiynab kelayotgan gaz, elektr muammosi bilan bog’liq mavzular keskin kamayganini kuzatish mumkin.