AQSh Prezidenti Donald Trampning razvedka bo'yicha yuqori martabali amaldori Xitoydan ogoh bo’lishga chaqirdi. Milliy razvedka direktori Jon Ratklifning aytishicha, Xitoy Ikkinchi Jahon urushidan beri erkinlik va demokratiyaga eng katta tahdid solayotgan mamlakat.
Bunday bayonot ilk bor yangrayotgani yo’q. AQShning xavfsizlik bo’yicha bir qator rasmiylari yillar davomida Xitoyning kengayib borayotgan iqtisodiy va harbiy qudrati Qo'shma Shtatlar uchun tahdid ekanini aytib keladi.
"Pekin AQSh bilan qarama-qarshilikning ochiq davriga tayyorlanmoqda, - deb yozadi Ratklif “Wall Street Journal” nashrida chop etilgan maqolasida. - Vashington ham bunga tayyor bo'lishi kerak".
May oyida AQSh Senatiga saylanishi ortidan Milliy razvedka direktorligiga tayinlangan Ratklif Xitoyni tashqi razvedka bo’yicha o’zining ustuvor vazifalaridan biri sifatida ko’rishini aytgan edi.
Noyabr oyida bo'lib o'tgan prezidentlik saylovlariga bir necha oy qolganda ba’zi demokrat qonunchilar uni Rossiyadan ko'ra ko'proq Xitoyni tahdid deb ta'kidlaganini tanqid ostiga olgan.
"Men Rossiya xavfini kamaytirishni xohlamayman, - degan edi Ratklif avgust oyida “Fox Business News”ga bergan intervyusida. - Ammo biz Xitoydan kutayotgan tahdidlar sezilarli darajada kattaroq. Buni aql-idrokli kishilar biladi".
Iqtisodiy, texnologik va harbiy tahdidlar
Hozirga qadar razvedka va huquqni muhofaza qilish organlarining asosiy e’tbori Xitoyning AQSh iqtisodiyotini ortda qoldirish borasidagi sa'y-harakatlariga qaratilgan edi.
Federal qidiruv byurosining ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi o'n yil ichida Xitoy bilan bog'liq iqtisodiy josuslik ishlari soni taxminan 1300 foizga oshgan.
Iyul oyi holatiga ko'ra, byuro AQSh texnologiyasi o’g’irlangan yoki uni o'g'irlashga urinish bilan bog'liq bo'lgan Xitoyga aloqador 1000 dan ortiq ish ochgan.
Rasmiylar endi Pekin armiyasiga ham e’tibor qaratmoqda. AQShning so'nggi mudofaa strategiyasiga ko’ra, Ikkinchi Jahon urushidan keyingi xalqaro tartibga eng katta tahdid soluvchi ikki davlat bu Rossiya va Xitoy.
"Men, albatta, Xitoy Xalq Ozodlik armiyasi Havo kuchlarini raqiblar orasida yetakchi deb bilaman”, - dedi o'tgan oy AQSh Tinch okeani havo kuchlari qo'mondoni general Kennet Vilsbax.
"Bu ruslar oson yengiladigan raqib degani emas; ularda salohiyatli havo qudrati bor. Shunchaki, xitoyliklar ulardan o’zib ketganiga ishonaman", - deya qo’shimcha qildi u.
"Razvedka xulosalari aniq"
Prezidentlikka saylangan Jo Bayden Oq uyga kelgach, Milliy razvedka idorasiga yangi direktor tayinlaydi. Ratklif yangi ma’muriyat Xitoydan kelayotgan tahdidga oid ogohlantirishlarga jiddiy qarashidan umidvor.
"Razvedka xulosalari aniq, - deb yozadi Ratklif. - Pekin AQSh va sayyoraning boshqa hududlarida iqtisodiy, harbiy va texnologik jihatdan hukmronlik qilmoqchi".
"Ularning hokimiyatga intilishida axloqiy va etika nuqtai nazaridan chegaralar yo'q, - deya qo'shimcha qiladi u. - Xitoy Xalq ozodlik armiyasi biologik jihatdan rivojlangan qobiliyatlarga ega askarlarni yetishtirish umidida hatto odamlar ustida sinovlar o’tkazgan”.
Ratklifning da’vo qilishicha, Xitoyning o’yin qoidalarga amal qilishdan bosh tortishi oqibatlari hatto AQShdagi oddiy oilalarga ham ta’sir ko’rsatmoqda. Hisob-kitoblarga ko'ra, iqtisodiy josuslik va hiyla-nayrang natijasida har yili AQSh yuzlab milliard dollar zarar ko’rmoqda. Amerikalik bir oila o’rtacha 4000 dan 6000 dollargacha daromadini yo’qotmoqda.
Shu bilan birga, Xitoyning ta'sir o’tkazish amaliyotlari kengayib bormoqda, deydi Ratkliff. AQSh Kongressi a'zolari va ularning yordamchilarini nishonga olish urinishlari Rossiyaga qaraganda olti marotaba va Eronnikidan 12 baravar ko'p, deydi u.
AQSh kontrrazvedka rasmiylarining chorshanba kuni aytishicha, Xitoy agentlari Baydenning yangi ma'muriyati a'zolarini nishonga olishga allaqachon kirishgan. Xitoy rasmiylari bu ayblovni "kulgili" deb atadi.