AQShda ilk vaksina tasdiqlanish arafasida

  • Amerika Ovozi

"Pfizer" va "BioNTech" kompaniyalari yaratgan vaksina

AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasining maslahatchilar kengashi "Pfizer" kompaniyasi koronavirusga qarshi taqdim etgan vaksinani ma'qulladi. Endi boshqarma uni qo'llash uchin ruxsat berishi kerak.

"Pfizer" bu vositani Germaniyadagi hamkori "BioNTech" kompaniyasi bilan ishlab chiqqan. Hukumat ekspertlarining xulosa qilishicha, vaksina yuqori talablarga javob beradi, xavfsiz va 16 yoshdan oshganlarni emlash uchun yaroqli.

Amerikada koronavirusni shu kungacha 16 millionga yaqin odam yuqtirdi. Aksariyati tuzalmoqda, ammo kasallikdan halok bo'lganlar soni 300 mingga yaqinlashmoqda. Kecha AQShda pandemiyadan 3100 o'lim holati kuzatilgan.

Buni ham ko'ring Jonli efir: Vaksina qanchalik tayyor?

Yuqorida qayd etilgan vaksina Britaniyada allaqachon ishlatila boshladi.

"Pfizer" yil oxirigacha AQShni qariyb 25 million doza bilan ta'minlay oladi.

Avvalo tibbiy xodimlar va keksalar emlanadi.

Keyingi oylardan boshlab esa har oy 25-30 million amerikalik bu vaksinani olishi rejalangan. 2021-yil oxirigacha mamlakatda deyarli hamma katta yoshdagilar emlanib bo'ladi, deya taxmin qilmoqda mutaxassislar.

Yana bir necha farmatsevtik kompaniya o'z vaksinalarini taklif qilmoqda. Biroq hali bu vositalar tayyor bo'lmagan va litsenziya uchun hujjat topshirmagan.

Jahon bo'ylab kamida 150 vaksina ustida ish ketmoqda. AQSh ularning hammasidan xarid qilishga da'vogar.