Tojikiston AQSh Davlat departamentiga eʼtiroz bildirdi

Tojikistonning Xoʻjand shahridagi Shayx Maslihaddin jome masjidi, 2020-yil, 20 mart

Tojikiston hukumati huzuridagi Din, milliy urf-odat va tantanalarni tartibga solish qoʻmitasi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning Tojikiston din erkinligi masalasida alohida tashvishga molik mamlakatlar qatorida ekanligi haqidagi bayonotiga rasman eʼtiroz bildirdi.

7-dekabr kuni Mayk Pompeo bir qator diniy erkinlik oyoqosti qilinayotgan davlatlar qatorida Tojikistonni ham tilga olgan va “hech bir mamlakat odamlarni eʼtiqodi uchun taʼqib qilishi mumkin emas”, deya taʼkidlagan edi. AQSh davlat kotibining chiqishiga javoban Tojikiston hukumati qoshidagi Din, milliy urf-odat va tantanalarni tartibga solish qoʻmitasi AQSh Davlat departamentining Tojikistondagi vijdon erkinligi va diniy erkinlikning hozirgi darajasini shubha ostiga qoʻyadigan bayonoti va hisobotiga qoʻshilmasligini maʼlum qildi.

Qoʻmita bayonotida AQSh Davlat departamenti xulosa chiqarishiga sabab boʻlgan Tojikistonda diniy erkinlik oyoqosti qilinayotganligi haqidagi xabarlarning haqiqiy asoslari yoʻqligini, norasmiy matbuot tomonidan taqdim etilayotgan xabarlarga tayanib qolinganligini taʼkidlanadi. Shuningdek, Tojikistondagi haqiqiy vaziyat kelib oʻrganilmaganligiga alohida urgʻu beriladi.

“AQSh Davlat departamenti va Xalqaro diniy erkinlik boʻyicha komissiyaning Tojikistonda diniy erkinlik toʻgʻrisidagi yillik hisobotlari deyarli tahrir qilinmagan va bir-biriga mos kelmasligini hisobga olib, Qoʻmita bir necha bor haqiqiy diniy vaziyatni koʻrib chiqish uchun Tojikistonga maxsus komissiya yuborilishini soʻragan, toki tashrif buyurib diniy vaziyat bilan yaqindan tanishishsin, davlatimizning bu sohada amalga oshirgan muvaffaqiyatli ishlaridan xabardor boʻlishsin va haqiqiy hisobotlarni tayyorlashsin. Chunki adolat va voqelik nuqtai nazaridan qaraydigan boʻlsak, Tojikiston Respublikasi mustaqillik yillarida din sohasida bir qator yutuqlarga erishdi, ularga eʼtibor bermaslik va mamlakatimizni diniy erkinliklar butunlay oyoqosti qilinayotgan davlatlar qatoriga qoʻshish insofsizlikdir”, deyiladi Tojikiston Din qoʻmitasi bayonotida.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bayonotida diniy erkinlik va eʼtiqod bilan bogʻliq har qanday huquq eng ustuvor qadriyatlardan biri ekaniga urgʻu berib, Myanma, Xitoy, Eritreya, Eron, Nigeriya, Kongo Demokratik Respublikasi, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Turkmaniston hamda Tojikiston hukumatlari siyosatini keskin qoralagan.

Bu davlatlar – alohida xavotirga molik tuzumlardir, – deydi Pompeo. – Ular eʼtiqod erkinligini qoʻpol va muntazam ravishda buzadi, bu harakatlarga hukumatning oʻzi bosh-qosh yoki bunday huquqbuzarliklarga ataylab koʻz yumadi”.

Ammo Tojikiston hukumati huzuridagi Din, milliy urf-odat va tantanalarni tartibga solish qoʻmitasi matbuot xizmati boshligʻi Afshin Muqim fikricha, Tojikistonni Myanma kabi davlatlar bilan bir qatorda koʻrish toʻgʻri emas.

“Yutuqlar bilan bir qatorda, bizda ham kamchiliklar bor, ularni bosqichma-bosqich hal qilish kerak. Ammo Tojikistonni Myanma kabi davlatlar bilan bir darajaga qoʻyish juda ogʻriqli”, - deydi Din qoʻmitasi matbuot kotibi.

Uning aytishicha, Tojikistonda diniy eʼtiqod uchun keng imkoniyat beradigan bir qator koʻzga koʻrinarli ishlar amalga oshirilgan.

“Birinchidan, mamlakatda masjidlar sonining koʻpayishi mamlakat mustaqilligining asosiy yutuqlaridan biridir. Agar Sovet Ittifoqi davrida Tojikistonda atigi 17 ta masjid roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, hozir ularning soni 4000 ga yaqinlashdi. Ikkinchidan, 200 mingga yaqin vatandoshlarimiz Haj yoki Umra ziyoratini ado etishga muvaffaq boʻlishdi. Uchinchidan, Tojikiston hukumati Qurʼoni karim va boshqa “Hidoyai Sharif”, “Tabariy tafsiri tarjimasi”, “Sahihi Buxoriy” va boshqa kitoblarni tarjima qildi va mamlakatdagi musulmon xalqiga taqdim etdi. Toʻrtinchidan, Tojikiston hukumati diniy taʼlimotlardan koʻproq xabardor boʻlish uchun asos yaratib, 2009-yilni “Imom Aʼzam yili”, deb eʼlon qildi. Beshinchidan, hukumat Islom institutiga davlat maqomini berdi va uni oʻz homiyligi ostiga oldi. Oltinchidan, Dushanbeda Markaziy Osiyodagi eng katta masjid qurildi”, - deydi Afshin Muqim.

AQSh Davlat departamentining diniy erkinliklar toʻgʻrisidagi bu yilgi hisobotida aytilishicha, Tojikistonda diniy erkinlikni cheklash erkaklar soqoli va ayollar hamda voyaga yetmaganlarning kiyinishidan boshlanadi. Masalan, davlat xizmatchilari maxsus reydlar oʻtkazish orqali hijob va milliy libosga xos boʻlmagan boshqa kiyimlarni taqiqlaydi. Bir necha yillardan buyon Tojikistonda “milliy madaniyatga begona kiyim” atamasi qoʻllanilib kelinmoqda. Shuningdek, Tojikistonda diniy ozchiliklarning, masalan, Yahova shohidlarining huquqlari buzilishi, voyaga yetmaganlarning masjidlarga borishi taqiqlanganligiga ham ishora qilinadi.

Tojikiston rasmiylari bunday baho va tanqidlar koʻpincha bir tomonlama yoki adolatsiz ekanligini aytmoqda.

Tojikiston Din, milliy urf-odat va tantanalarni tartibga solish qoʻmitasi raisi Sulaymon Davlatzodaning “Ozodlik” radiosi tojik xizmatiga bergan qisqa intervyusida aytishicha, xalqaro tashkilotlar kamchiliklarga oid maʼlumotlarni OAVdan olishadi. Vaholanki, rasmiylar ham har bir holat yuzasidan oʻz nuqtai nazariga ega, ammo ularga murojaat qilinmaydi.

“Ular oʻzlarining maʼlumotlarini ommaviy axborot vositalaridan olishadi, rasmiylarning rasmiy pozitsiyasida ham aniq javoblar mavjud. Iltimos, qanday tushunmovchiliklar, qanday muammo bor, ularni hal qilish mumkin, deb takror aytdik. Biz ham oʻz pozitsiyamizni bildiramiz”, - deydi Tojikiston hukumati qoshidagi qoʻmita raisi Sulaymon Davlatzoda.

Ammo xalqaro huquq himoyachilari kamchiliklar ko’p ekanligini taʼkidlamoqda. Jumladan, bu masalalarni maxsus oʻrgangan AQShlik Stiv Sverdlovning aytishicha, AQSh Davlat departamentining iddaolarida asos bor. Zero, oxirgi yillarda Tojikiston bilan bogʻliq bir qator salbiy holatlar kuzatildi.

“Shubhasiz, Davlat departamenti tahlilida Islom Tiklanish partiyasi hanuzgacha “ekstremistik” deb topilganligi (Tojikistonda) va faoliyat yuritishga qodir emasligi (Tojikistonda qonuniy ravishda) mavjud. Taxminan, 300 siyosiy va diniy mahbuslar bor va tojik rasmiylari Interpolni dunyoning turli mamlakatlarida, jumladan, Rossiyada, hattoki Gretsiyada va Turkiyada siyosiy va diniy maqsadlarda suiisteʼmol qilmoqda va oʻtgan yili jurnalist Daler Sharifovni ekstremistik ayblov bilan hibsga olinganini koʻrdik”, - deydi huquq himoyachisi.

Mahalliy tahlilchi Ilhom Yusupovning aytishicha, Tojikistonda diniy bosimlar borligi haqiqat. Ammo buning sabablari ham mavjud.

“Aytaylik, AQSh Davlat departamenti oxirgi yillar Oʻzbekistonni din bilan bogʻliq vaziyat tashvishlanarli boʻlgan davlatlar roʻyxatidan chiqardi. Lekin Tojikiston bu roʻyxatda bor. Bu oʻrinda bir nuqtaga alohida eʼtibor berish kerak, Markaziy Osiyoda yashayotgan xalqlarning umumiy jihatlari mavjudligi bilan birga milliy mentalitetning oʻziga xos taraflari ham bor. Oʻzbekistonda islom dini yoki boshqa dinga nisbatan ham bagʻrikenglik mavjud. Ammo Tojikistonda aksariyat odamlar fundamental islomga berilgan. Yaʼni ular dinni zamonaviy dunyo bilan uygʻunlashtirishga qiynaladi. Fundamental islomning kuchayib ketishi esa, bora-bora radikalizm va ekstremizmga olib borish ehtimoli ham katta. Shuning uchun davlat dinni jilovlab turishni istaydi”, - deydi tahlilchi.

Siyosatshunos Joʻrabek Mamatqulovning aytishicha, odamlarning radikallashib ketishi, diniy ekstremistik va terroristik guruhlarga qoʻshilib ketishining oldini olish uchun yoshlikdan diniy bilim berib borish kerak. Yoshlar haqiqiy dinni tanishi, unga qanday munosabatda boʻlishni bilishi, oq-qorani farqlashi kerak. Ana oʻsha holatda odamlarni diniy eʼtiqodi uchun tergashga yoki kuzatuv ostiga olishga ehtiyoj qolmaydi. Buning uchun Tojikiston maktablarida maxsus “Din tarixi” fani joriy etilgan. Ammo mutaxassis kadrlar yetishmasligi sababli bu amal kutilgan natijani bermayapti.