AQSh Vakillar palatasi va Senati a'zolari bugun qo'shma majlis o'tkazib, noyabr oyida o'tgan prezidentlik saylovlari natijasini tasdiqlash uchun yig'ildi. Ayni paytda Kapitoliy binosi tashqarisida Prezident Donald Tramp tarafdorlari to'planib, saylov natijalarini bekor qilishni talab qilib namoyish o'tkazmoqda.
Tinch boshlangan namoyishlar tartibsiz tus olib, bir guruh namoyishchilar politsiya qarshiligiga qaramay, Kapitoliy ichiga kirib borgan.
OAV ma'lumotlariga ko'ra, qonunchilar yig'inni vaqtincha to'xtatgan va evakuatsiya qilingan.
Bugun avvalroq Prezident Donald Tramp tarafdorlari bilan uchrashib, mag'lubiyatini hech qachon tan olmasligini aytgan edi.
Oq uy oldida so'zlagan Trampga ko'ra, noyabrda bo'lib o'tgan saylov o'g'irlangan va aslida u "katta g'alabaga" erishgan.
Radikal demokratlar soxta ommaviy axborot vositalari bilan birga Xioy virusini bahona qilib saylovni o'g'irlashdi, dedi Tramp.
Vashingtonning markaziy ko'chalari yopilgan. Kecha shahar meri xavfsizlikni ta'minlash uchun Milliy gvardiyani safarbar qilgan edi. Shuningdek, u bugun shaharda soat 18:00 dan so'ng komendantlik soati joriy qilinganini e'lon qildi.