Namoyishchilar Kapitoliy binosiga bostirib kirishi ortidan Prezident Donald Tramp qisqa videomurojaat chiqarib, tarafdorlarini tarqalishga chaqirdi.
Avvalroq Kongressda qonunchilar 3-noyabrda bo'lib o'tgan prezidentlik saylovi natijalarini tasdiqlash uchun yig'in o'tkazayotgan paytda namoyishchilar to'siqlarni buzib, Kapitoliy binosiga bostirib kirgan edi. Natijada Kongress yig'ini to'xtatilgan, Vitse-prezident Mayk Pens va qonunchilar evakuatsiya qilingan.
Tramp o'z murojaatida saylov undan o'g'irlanganini yana bir bor ta'kidladi, ammo qarshi taraf foydasiga ishlamasligi uchun tarafdorlaridan tinchlikni saqlab, uylariga tarqalishni so'radi.
Ayni paytda Kapitoliy atrofi hanuz namoyishchilar bilan to'la. Kongress binosi ichida qancha odam borligi yoki ularning keyingi taqdiri hozircha noma'lum.
Milliy gvardiya va qo'shimcha politsiya kuchlari chaqirilgan. Ular Kongress va shahar bo'ylab tinchlik o'rnatishga harakat qilmoqda.