Eron dengiz floti bugun Ummon qo’ltig’ida qisqa masofaga uchadigan raketa sinovlarini boshladi. Shuningdek, mamlakat telekanali xabariga ko’ra, Eronning eng katta harbiy kemasi taqdimoti o’tkazilgan.
Ikki kunlik harbiy mashg’ulotlar yadro dasturi yuzasidan AQSh va Eron o’rtasida ziddiyatlar kuchaygan bir paytda bo’lib o’tmoqda. Mashqlar qo’ltiqning janubi-sharqiy hududida olib borilyapti. Unda Eronda ishlab chiqarilgan ikkita yangi kema ishtirok etmoqda: raketa otishga mo’ljallangan “Zirh” kemasi hamda mamlakatning “Makran” deb atalgan eng katta yangi harbiy suv transporti. Vertolyot uchirish maydoniga ega “Makran” kemasidan logistika transporti sifatida foydalanish ko’zlanmoqda.
So’nggi haftalarda Eron harbiy mashg’ulotlari sonini oshirgan.
Shanba kuni Inqilobiy gvardiya kuchlari Fors ko’rfazida harbiy dengiz paradini o’tkazdi. Bir hafta avval esa mamlakat bo’ylab harbiy dronlarning ulkan namoyishi bo’lib o’tdi.
Eron yangi harbiy muvaffaqiyatlari haqida tez-tez e’lon qilib turadi, ammo bu xabarlarni mustaqil tasdiqlash imkoni yo’q.
Kecha AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Eronni “Al-Qoida” terror tarmog’i bilan maxfiy aloqaga ega ekanlikda ayblab, mamlakatning bir qator yetakchi rasmiylariga yangi sanksiyalar joriy qildi.
Eron bu ayblovlarni inkor etadi.