Bayden immigratsiya siyosatini qanday o'zgartiradi?

  • Amerika Ovozi

AQShning 46-prezidentiga aylanayotgan Jo Bayden immigratsiya bo’yicha Donald Tramp o’rnatgan cheklovlarni zudlik bilan bekor qilishini ma’lum qilgan. Bayden bu ishga prezidentligining ilk kunidanoq kirishishini aytgan. Biroq qator islohotlarni amalga tatbiq etishga uzoq vaqt kerak bo’ladi.

Demokratlardan saylangan prezident Bayden rahbarligini boshlashi bilan AQShda noqonuniy istiqomat qilayotgan 11 million odamni fuqarolikka qabul qilishga doir qonun loyihasini Kongressga taqdim etishini aytgan edi.

DAKA himoyasidagi talabalar dasturni tugatish qarorini Oliy sud bekor qilganini nishonlamoqda. 18-iyun, 2020, Vashington shahri.

Bayden, shuningdek, bolaligida AQShga noqonuniy yo’l bilan kelgan, DAKA (DACA) dasturi himoyasida bo’lgan “Orzumandlar” qatlamini doimiy himoya bilan ta’minlashga va’da bergan. Barak Obama prezident, Bayden esa vitse-prezident lavozimida bo’lgan davrda joriy etilgan ushbu dastur qariyb 645 ming migrantni deportatsiyadan himoya qiladi va qator imtiyozlarni taqdim etadi.

Tramp ma’muriyati DAKA dasturini tugatishga urindi. Biroq federal sud bunga imkon bermadi. Dasturni hanuz Texasda o’tajak sud muhokamasi kutmoqda.

Vitse-prezidentlikka saylangan Kamala Harris yangi ma’muriyat fuqarolik taqdim etish uchun hujjatlarni ko’rib chiqish davrini qisqartirishini ma’lum qilgan. Shuningdek, DAKA himoyasidagi va vaqtinchalik himoya statusiga (TPS) ega shaxslarga avtomatik ravishga grin karta berilishini aytgan. Biroq bu aynan qanday va qachon amalga oshirilishiga izoh bermagan.

Gondurasdan AQShga yo'l olayotgan migrantlar karvonining bir guruhi. 15-yanvar, 2021.

Tramp tabiiy ofat yoki qurolli konfliktlar tufayli AQShga qochib kelgan shaxslarga vaqtincha ishlash va yashash huquqini beruvchi TPS dasturini ham tugatishga urindi. Bayden o’z saylov kampaniyasida AQSh hududida qolayotgan venesuelaliklarga TPS maqomini berishga va’da qilgan.

Bir necha yildan beri immigratsiya bo’yicha yirik qonun loyihasini qabul qilishning imkoni bo’lmadi. So’nggi saylovlar ortidan Kongressning har ikki palatasida ustunlikka erishgan demokratlar ayni damda o’zgarish yasash uchun katta imkoniyatga ega.

Meksikaga o'tayotgan gvatemalalik migrantlar. 23-yanvar, 2020.

Tramp AQSh chegarasiga najot istab kelganlarga boshpana berishni qiyinlashtirdi. U joriy etgan Migrantlar himoyasi protokoliga muvofiq, 10 minglab qochqin Meksika hududida qolib, AQSh sudida bo’lajak tinglov kunini kutishga mahkum. Bayden dasturni zudlik bilan bekor qilishini aytgan edi. Biroq uning jamoasi o’zgarish qilish uchun vaqt kerak bo’lishini bildirgan.

AQShda Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi joriy etgan tartiblarga ko’ra, COVID-19 pandemiyasi tahdidini inobatga olish lozim. Chegaraga kelgan migrantlar ortga qaytarilmoqda.

Bayden inauguratsiyasidan so’ng markaziy amerikalik migrantlarning yangi karvoni AQShning janubi-g’arbiy chegarasi tomon yo’l olishni rejalamoqda. Ekspertlar global pandemiya davrida bu qadar ko’p odamning kelishi chegaradagi xodimlar va migrantlar saqlanadigan lagerlar uchun jiddiy tahdid bo’lishini aytmoqda.

AQShdan boshpana istab kelgan kamerunliklar. 28-iyul, 2019, Tixuana, Meksika.

Bayden, shuningdek, yiliga 125 ming qochqinga boshpana berilishini aytgan. Bu ko’rsatkich Tramp davrida rekord darajada pasaygan va 15 ming qochqinga boshpana berilgan.

Yangi ma’muriyat, ota-onalardan farzandlarini ajratishga chek qo’yib, migrant oilalarni birlashtirishni rejalagan.

Tramp ma’muriyati 13 musulmon davlatlariga viza berishni taqiqlagan edi. Bayden bu taqiqlarga ham yakun yasashini bildirgan.

Pandemiya xavfini inobatga olib, Tramp xorijdan vaqtincha yollanadigan ishchilarga viza berishni, grin kartalar uchun hujjat topshirishni ma’lum muddatga to’xtatib qo’ygan edi. Garchi Bayden uning qarorini tanqid qilgan bo’lsa-da, hozircha biror o’zgarish qilishi haqida bayonot bermagan.

AQSh-Meksika chegara devoriga yetib kelgan markaziy amerikalik migrantlar. Arxiv.

Demokrat prezident AQSh-Meksika chegarasida devor qurilishini ham to’xtatish payida.

Biroq devor qurilishi bo’yicha kompaniyalar bilan allaqachon imzolangan shartnomalar qay tarzda bekor qilinishi noma’lum. Qurilish hududida davlat qo’lga kiritgan xususiy yerlar taqdiri nima bo’lishi haqida ham biror konkret ma’lumot berilmagan.