Breaking News

AQSh fuqarosi bo’lish uchun imtihon biroz qiyinlashdi


AQSh fuqaroligini olish uchun o’tkaziladigan maxsus test sinovlari endi uzunroq va murakkabroq bo’ladi. Test topshiruvchilar 20 ta savoldan 12 tasiga to’g’ri javob berishi kerak. AQSh tarixi va hukumati to’g’risidagi jami 128 ta savolga tayyorlanish lozim.

Ilgari jami 100 ta savoldan 10 tasi tanlab berilar, testdan o’tish uchun ulardan oltitasiga to’g’ri javob berish talab qilinar edi. 1-dekabrdan keyin fuqarolikka ariza topshirganlar yangi tahrirdagi test sinovidan o’tadi.

AQSh Fuqarolik va Immigratsiya Xizmatining (USCIS) bildirishicha, fuqarolik imtihoni 2008-yildan beri ilk bor qayta ko’rib chiqildi va takomillashtirildi.

Imtihondan o’tish – Amerika fuqarosi bo’lishni istagan grin karta egalariga qo’yiladigan so’nggi talab. Savollar intervyu paytida og’zaki ravishda beriladi.

“Yangilangan testda ingliz tilini ham yaxshiroq bilish talab qilinadi”, - deydi Nensi Nyuton, Merilend shtatidagi Montgomeri kollejida Fuqarolarni tayyorlash dasturi direktori. Dastur har yili taxminan 300 kishiga fuqarolikni qo’lga kiritishda yordamlashadi.

“Muhimi, sizdan nima talab qilinishini aniq bilishingiz lozim. Biz o’quvchilarimizni iloji boricha tayyorlaymiz”, - deydi Nyuton.

Nima o’zgardi?

128 savoldan immigratsiya xodimi 20 tasini tanlab bersa-da, testdan muvaffaqiyatli o’tish uchun avvalgidek 60 foiziga, ya’ni 12 tasiga to’g’ri javob berishingiz kerak. Ba’zi savollar endi biroz o’zgartirilgan tarzda beriladi.

Masalan, o’z mustaqilligini e’lon qilgan dastlabki 13 shtatdan ilgari uchtasini aytish so’ralar edi, endi esa beshtasi nomini sanab berish kerak.

“AQShda yashovchi har bir kishining ikkita huquqi nima?” degan savol esa “AQShda yashovchi har bir kishining uchta huquqi nima?” degan savolga o’zgartirilgan.

Faollar nazarida fuqarolik imtihonidagi ayrim savollar hech bir sababsiz qiyinlashtirilgan.

Amerika Immigratsiya kengashi vakili Aron Rayxlin-Melnik fikricha, savollarga siyosiy tus berilganini ham sezish mumkin.

“Eski testda “AQSh senatori kimga xizmat qiladi?” degan savol bor. Taklif etilgan javob: “shtatdagi barcha aholiga”. Yangi testda esa “o’z shtatining fuqarolariga” degan javob taklif etilmoqda. Bu to’g’ri emas. Kongress a’zolari o’z okrugida yashovchi barchaga xizmat qiladi, fuqaroligidan qat’i nazar. Davlat tashkil topganidan beri shunday”, - deydi Rayxlin-Melnik.

Bo’lajak prezident Jo Bayden fuqarolik imtihoniga kiritilgan o’zgartirishlarni bekor qiladimi, yo’qmi, hozircha noma’lum.

2018-yilda o’tkazilgan so’rov amerikaliklarning faqat uchdan bir qismi test savollariga qoniqarli javob bera olishini aniqlagan edi.

AQSh Fuqarolik va Immigratsiya Xizmatining bildirishicha, yangi test jamoat tashkilotlari va volontyorlar yordamida 2020-yilning yozida tasdiqdan o’tgan.

Sinov bosqichida Montgomeri kolleji ham qatnashgan.

“Yangi test qiyinroq deb o’ylashimiz mumkin, ammo bizning o’quvchilarimiz, immigranlar bu bosqichga yetish uchun allaqachon ko’p narsani boshdan kechirgan. Fuqarolik arizasini topshirish chizig’iga yetguncha ming bitta chig’iriqdan o’tishgan. Bunisini ham eplashadi”, - deydi Fuqarolarni tayyorlash dasturi direktori Nensi Nyuton.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG