COVID-19 pandemiyasi tufayli AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati mart oyidan beri muhojirlarni shaxsan qabul qilishni to’xtatgan. Fuqarolik taqdim etish va qasamyod marosimi ham o’tkazilmayapti.
Ekspertlarga ko’ra, fuqarolikka hujjat topshirgan minglab muhojirlar AQShda noyabrda o’tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga ulgurmaydi.
Ana shunday vaziyatda ham Afrikadan kelgan sobiq qochqin fuqarolikka murojaat qilgan shaxslarga yordam berishda davom etmoqda.
Muhammad Malim asli Somalidan. Uning oilasi Somalidagi fuqarolar urushi davrida Keniyaga qochib o’tgan. Muhammad Keniyadagi qochqinlar lagerida tug’ilgan. 1999-yilda to’rt yoshida AQShga ko’chib kelgan.
Muhammad “Epimoniya” nomli kiyim-kechak va taqinchoqlar kompaniyasiga asos solgan. Biznesdan tushgan daromaddan qochqinlar va immigrantlarga yordam beradi. Shu kunga qadar Minnesota Xalqaro instituti, poytaxt Vashingtonda BMTning Qochqinlar masalasi bo’yicha komissarligini qo’llab tashkil etilgan “USA for UNHCR” tashkiloti va qochqinlarga ko’mak dasturlariga xayriya pullarini o’tkazib keladi.
Kompaniya fuqarolik brasletlarini yaratdi. Undan tushgan 100 foiz daromad qochqinlarning fuqarolikka murojaat uchun to’lovlarini qoplashga sarflanadi.
“Qochqinlar va immigrantlarning fuqarolik olishiga ko’maklashish maqsadida braslet ishlab chiqarishni yo’lga qo’ydik. Qizil rangli fuqarolik brasleti AQSh bayrog’iga monand. Brasletni xarid qilar ekansiz, ana shu xayrli ishga hissa qo’shayotgan bo’lasiz”, - deydi Muhammad.
Minnesotada qo’l mehnati bilan yaratilgan brasletlar O’rta Yer dengizini kechib o’tgan qochqinlarning xavfsizlik jiletlaridan qayta ishlangan.
AQSh fuqaroligini olishga haqli bo’lish uchun murojaat qiluvchi shaxs kamida uch yildan besh yilgacha mamlakatda doimiy yashash huquqiga ega yoki harbiy xizmat bilan bog’liq muayyan shartlarga to’g’ri kelishi lozim.
Fuqarolikka hujjatlarni taqdim etish uchun 725 dollar to’lov belgilangan.
Fuqarolik va immigratsiya xizmatining ma’lum qilishicha, 2019-yilda 834 ming odamga AQSh fuqaroligi berilgan. Bu so’nggi 11 yildagi eng yirik ko’rsatkich. Joriy yilda arizalar soni 12 foizga qisqargan.
Facebook Forum