Istanbuldagi Bosfor universiteti Turkiyaning eng obro’li o’quv dargohlaridan. So’nggi haftalarda yuz bergan namoyishlar uni yanada mashhur qildi.
Hukumat namoyishlarni kuch bilan bostirishga urinmoqda. Ko’plab talabalar hibsga olingan.
Namoyishlarga Prezident Rajab Toyyib Erdog’an tomonidan rektorning yangilangani sabab bo’ldi.
Politsiyaning kuch ishlatishi to’qnashuvlarni yanada kuchaytirmoqda.
“Tinch va demokratik yo’l bilan e’tirozimizni bildirmoqchimiz. Lekin shunda ham bizga zo’ravon hujumlarni davom ettirishyapti. Har kuni meni kuzatishayotganidan yoki ertalab uyimdan olib ketishlari mumkinligidan qo’rqyapman. Ko’plab do’stlarim hozir hibsda. Ular uchun ham xavotirdaman”, - deydi tabalalardan biri.
Talabalar va o’qituvchilar rektor idorasi oldida to’planib, universitet rahbarini o’zgartirish haqidagi Erdog’an qaroriga noroziligini izhor qildi. Rektorlar, odatda, akademik jamoa tomonidan saylanadi.
“Mustaqil, erkin va demokratik universitet qadriyatlariga sodiq qolamiz va har kuni tushda shu yerda to’planayotganimiz buning ifodasi”, - deydi professorlardan biri.
Tashkil etilgandan beri Bosfor universiteti liberal dunyoqarash markazi bo’lib kelgan. U hukumatning kuchayib borayotgan nazoratiga qarshi hanuz erkin maydon vazifasini o’tamoqda.
Yangi tayinlangan rektor noa’nanaviy jinsiy oriyentatsiyadagi talabalar jamiyatini taqiqladi. Talabalar bunga e’tiroz bildirib, daraxtlarni turli ranglar bilan bezadi.
Erdog’an yangi rektor himoyasida qat’iy. U namoyischilarni terrorda aybladi, bu ishlarda noan’anaviy jinsiy hayot tarafdorlarining qo’li borligini da’vo qildi.
Anqara ayni paytda AQSh va boshqa davlatlarni Turkiya ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirmoqda.
Norozilik kayfiyati universitet hududidan boshqa joylarga ham yoyilmoqda.
Namoyishchilar esa hukumatning keskin qarshiligi bilan yuzlashmoqda.
Hozircha hech bir tomon o’z qarashidan voz kechgani yo’q. Mamlakatda vaziyat yanada beqarorlashishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.