Myanmada harbiylar hokimiyatni egallab olishi ortidan internet aloqasi keskin cheklandi. Natijada fuqarolarning mamlakatda bo’layotgan voqealar haqida axborot olishi qiyinlashgan. Bu jurnalistlar ishiga ham ta’sir qilmoqda.
“Harbiylar nafaqat internetni, balki mobil aloqa va boshqa xizmatlarni ham to’xtatib qo’ygandan keyin uch-to’rt soat hamkasblarim bilan bog’lana olmay qoldim. Ertalab ish joyimizda yig’ilib, endi qanday xabar berishimiz haqida gaplashib turganimizda, ertalab 7 da yana hammasi o’chdi”, - deydi myanmalik jurnalist Nyen Nyen.
Myanmada bu holat yangilik emas.
“Myanmada internet uzilishlari oxirgi bir necha yildan beri kuzatib kelinadi. Masalan, Rakxayn va Chin shtatlarida anchadan beri internet aloqasi bo’lmagan yoki juda zaif”, - deydi so’z erkinligi bo’yicha BMT maxsus ma’ruzachisi Irin Xan.
Uganda, Efiopiyaning Tigrey viloyati, Belarus, Hindiston kabi davlatlarda ham bahsli saylovlar yoki namoyishlar paytida internet uzilishlari kuzatilgan.
2019-yil Hindiston Kashmirning maxsus maqomini bekor qilgandan beri bu hududda tezkor internet mavjud emas.
Rasmiy Dehliga ko’ra, ekstremizm va soxta xabarlarga qarshi kurashish uchun bunday chora kerak.
“Kashmirda istalgan payt, masalan, hozir ham, agar biror joyda otishma bo’lsa, hukumat internetni uzib qo’yadi”, - deydi mustaqil jurnalist Said Shahriyor.
Internetni uzish yoki sekinlashtirish, saytlarni bloklash axborot olish imkoniyatini cheklaydi.
“Inqiroz paytida axborotga ega bo’lmasangiz, oilangizga, do’stlaringizga ham bog’lana olmaysiz. Arosatda qolib ketasiz”, - deydi huquq faoli Felisia Antonio.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti internetni cheklashni noqonuniy deb e’lon qilgan.
“Bu narsa odamlarning axborot olish huquqini poymol qilish vositasi”, - deydi BMT rasmiysi Irin Xan.
Myanmada internet aloqasi hanuz beqaror. Jurnalistlar esa o’z ishida, axborot yetkazish missiyasida qat’iy davom etishlarini aytmoqda.