O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammitiga tayyorgarlik bo’yicha qaror imzoladi.
Bu hujjat Xitoy yetakchiligidagi tashkilot sammitiga jiddiy hozirlik boshlanganidan darak beradi.
Anjuman uchun yangi inshootlar, majmualar, mehmonxonalar qurilishi rejalangan. 2022-yilda Samarqandda o’tishi belgilangan bu sammit ortidan O’zbekiston ShHT raisligiga kirishishi kutilmoqda.
O’zbekistondagi bu yirik tayyorgarliklar yakunlangunga qadar ShHT yana bir sammit o’tkazadi. 2021-yildagi sammit sentabr oyida Dushanbeda o’tishi kerak.
Ayni paytda tashkilotga raislik qilayotgan Tojikiston avvalroq Xitoyga nisbatan jiddiy e’tiroz bilan chiqqan edi. Dushanbe Tojikiston hukumati ayrim hududlarini Xitoyga sotishga rozilik bergani haqida matbuotda tarqagan ma’lumotlar, Xitoyda yangrayotgan hududiy da’volarga doir chiqishlar bo’yicha Pekinga norozilik notasi topshirgan.
Bosh qarorgohi Pekinda joylashgan ShHT Xitoyning tashqi siyosiy manfaatlarini, asosan, Markaziy Osiyodagi manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilot sifatida baholanadi.
Mintaqadagi aksariyat davlatlar ShHTga a’zo; tashkilotning ustuvor shioriga aylantirilgan “terrorizm, ekstremizm va separatizm”ga qarshi kurashda Xitoy siyosati asosiy o’ringa chiqqani aytiladi.
Bu Xitoyda yashayotgan millionlab musulmonlarga, uyg’urlarga nisbatan tazyiq va qatag’onlarni “ayirmachilik, ekstremizm va terrorizm” ayblovlari bilan izohlab kelayotgan rasmiy Pekinning ShHT doirasidagi maqsadlaridan biri xolos, deydi kuzatuvchilar.
Uyg’ur faollariga ko’ra, ShHTga asos solishdan asosiy maqsad Sharqiy Turkiston va Markaziy Osiyo uyg’urlari, xalqlari o’rtasidagi munosabatlarni nazoratga olish, mintaqani, hukumatlarni Xitoy bosimi ostida ushlab turishdir.
“Markaziy Osiyodagi qardoshlarimiz, hukumatlar Xitoy siyosatining asl mohiyatini anglab yetishganda kech bo’lishi mumkin. Xitoy moliyasi ortida katta siyosat yotibdi, tuproq siyosati turibdi. Xitoyning uyg’urlarga nisbatan tazyiqlari, Sharqiy Turkiston aholisini majburan xitoylashtirish siyosati ertaga Markaziy Osiyoga ham ko’chishi mumkin. Bugun Xitoyda millionlab uyg’urlar, musulmonlar qamoqda, aksariyat davlatlar, afsuski, shu jumladan, Turkistondagi qardosh hukumatlar ham bunga befarq, aksincha Xitoy siyosatini yoqlab chiqishyapti, uyg’ur faollarini Xitoy hukumatiga topshirishyapti. Mintaqa davlatlarini ShHT doirasida birlashtirishdan ko’zda tutilgan maqsad ham aslida shu edi”, - deydi Xitoydagi etnik tazyiqlardan qochib chiqqan uyg’ur faollaridan biri Abdurahim Parach.
O’zbekistonning ShHT sammitini dabdabali o’tkazishga hozirligi G’arbda Xitoyga nisbatan tanqidlar kuchayishi manzarasida kuzatilmoqda.
AQShda Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosati etnik tozalashga qiyoslanishi ortidan yaqinda Kanada parlamentida Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosatini genotsid deb atash taklifi ma’qullandi.
Uyg’urlar bilan bog’liq vaziyat BMT Inson huquqlari kengashining yaqinda O’zbekiston prezidenti ham virtual ishtirok etgan 46-sessiyasi ishini chetlab o’tmagan.
Ammo tazyiq ostidagi uyg’urlar huquqi Inson huquqlari kengashining yangi a’zosiga aylangan O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan emas, Kengashining boshqa bir a’zosi Britaniya tashqi ishlar vaziri tomonidan ko’tarilgan.
Ma’lumotlarga ko’ra, Britaniya tomoni bu sessiyada BMT ekspertlari Xitoydagi uyg’urlarga doir vaziyatni mustaqil tarzda o’rganishi zarurligi, bu ekspertlar ishlashi uchun Xitoy tomonidan kiritilgan cheklovlar olib tashlanishi lozimligi haqida gapirgan.
Ilk bor BMT Inson huquqlari kengashining a’zosi sifatida sessiya ishida qatnashgan O’zbekiston rahbarining ma’ruzasida, asosan, dunyodagi inson huquqlariga oid vaziyat emas, balki mamlakatning o’zidagi islohotlar, O’zbekistonning inson huquqlari ustuvorligiga doir siyosatdan ortga qaytmasligi, xalqaro majburiyatlarga sodiq qolishi haqida gap boradi.
“Oʻzbekiston Inson huquqlari boʻyicha kengash aʼzosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum eʼtirof etilgan prinsip va normalarini qatʼiy himoya qiladi va faol ilgari suradi”, - deb yakunlagan prezident Mirziyoyev Kengash sessiyasidagi ma’ruzasini.
O’zbekiston o’tgan yili BMT Inson huquqlari kengashining doimiy a’zoligiga saylangan edi. Bu a’zolik davlat rahbariga nafaqat mamlakatning o’zidagi, balki dunyodagi inson huquqlariga oid vaziyat bo’yicha ham munosabat bildirish vakolatini beradi.
Bu Mirziyoyevning Inson huquqlari kengashi sessiyasidagi dastlabki ishtiroki, ammo bungacha BMT doirasida o’tgan muhokamalarda O’zbekiston uyg’urlar masalasida Xitoy siyosatini yoqlab ovoz bergani qayd qilingan.