Blinken ittifoqchilar bilan uchrashish uchun Yevropaga yo'l oldi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ittifoqchilar bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida Yevropaga yo'l oldi. Bryusselda bo’ladigan bir qator uchrashuvlarda Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan muloqotlar o’tkaziladi. Uchrashuvlarda NATOdagi ittifoqchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish, iqlim o’zgarishi, terrorizmga qarshi kurash, hamda koronavirus pandemiyasiga qarshi choralar muhokama qilinadi.

Seshanba va chorshanba kunlari NATO tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuv bo’ladi. Blinken NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan ham gaplashadi.

“Uchrashuv davlat kotibi va vazirlar uchun “NATO – 2030” tashabbusini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat bo’ladi. Bu tashabbus ittifoqning moslashuvchanligini oshirish, Xitoy va Rossiya yuzasidan xavotirlar, iqlim o’zgarishi, kiberxavfsizlik, gibrid tahdidlar, terrorizmga qarshi kurash, energiya xavfsizligi, global pandemiya va boshqa biz yuzlashayotgan umumiy muammolar yuzasidan ko’plab takliflarni o’z ichiga oladi”, - dedi AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo’yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Filip Riker.

Prezident Donald Trampning faqat AQSh manfaatlariga e’tibor qaratilgan to’rt yillik boshqaruvi ortidan Bayden ma’muriyati an’anaviy ittifoqchilar bilan aloqalarni mustahkamlash siyosatiga qaytmoqda. Blinken Yevropa safarida NATOning ahamiyatiga alohida urg’u berib, ittifoqchilik an’analarini qayta qurish va qayta jonlantirish haqida nutq o’qishi kutilyapti.

“Sinovlarga birgalikda yuzlashganimizda biz kuchliroq va yaxshiroq ekanimizni bilamiz. Ittifoqchiligimizni modernizatsiya qilmoqchimiz, kerak bo’lsa, o’zgartiramiz hamda biz yuzlashib turgan dunyo bilan shu tartibda ishlaymiz”, - deya qo’shimcha qildi Riker.

Blinken safari davomida Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Leyen va Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha rasmiysi Jozep Borell bilan ham uchrashadi. Muloqotda iqtisodiyotni o’nglash, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash hamda Rossiya, Xitoy va Eron solayotgan tahdidlar haqida fikr almashiladi.

Eron masalasida 2015-yilda imzolangan yadro dasturi kelishuviga qaytish mavzusi ko’rib chiqilishi mumkin. 2018-yil sobiq prezident Donald Tramp davrida AQSh bitimni bir tomonlama tark etishi ortidan Eron ham kelishuvda belgilangan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortgan edi. Ayni paytda Vashington ham, Tehron ham bitimga qaytishga qiziqish bildirmoqda, ammo ular dastlabki qadamni ikkinchi tomon tashlashi lozimligiga ishora qilmoqda.