AQSh Prezidenti Jo Bayden 31-mart kuni mamlakatda yangi ishchi o’rinlarini yaratish va infrastrukturani modernizatsiyalashga doir rejani e’lon qildi. Dastur qiymati 2 trillion dollarga teng.
“Infrastrukturamiz barbod bo’lmoqda”, - dedi Oq uy rahbari Pensilvaniya shtatining Pitsburg shahrida so’zlar ekan.
Baydenning ta’kidlashicha, uning rejasi mamlakat iqtisodini eng qudratli, eng mustahkam va innovatsion iqtisodga aylantiradi.
Prezidentning tushuntirishicha, reja AQSh “nonini yeyotgan” Xitoy va boshqa mamlakatlarni ortda qoldirishga xizmat qiladi.
“Raqiblarimiz ushbu muhim infrastruktura qurilishini xavotir bilan qarshilamoqda. Amerika yalpi ichki mahsulotining qisqarishi boshqa mamlakatlarning bizga yetib olishi, juda tez yetib olishi uchun qulay fursat bo’lishi mumkin”, - dedi Bayden.
Hukumat hisob-kitoblariga ko’ra, 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi tufayli AQSh iqtisodi 3,5 foizga qisqargan.
Prezident rejasi navbatdagi sakkiz yil mobaynida 32 ming km uzunlikdagi avtoyo’llar, iqtisodiy jihatdan strategik ahamiyatga ega 10 ta yirik va 10 mingta kichik ko’priklarni ta’mirlashni nazarda tutadi. Shuningdek, dasturga suv ta’minoti tizimida xavfli sanalgan qo’rg’oshin quvurlarni olib tashlash, elektr quvvatini olish va tarqatishni yangi bosqichga ko’tarish, kompyuter texnologiyalari va tranzit tizimlarini modernizatsiya qilish kiritilgan.
“Aminmanki, agar biz hozir qadam tashlasak, oradan 50 yillar o’tib odamlar ortga qaraganida bu davrni Amerika kelajak g’alabasi uchun poydevor o’rnatgan davr deb yodga oladi”, - dedi AQSh rahbari.
Korporativ soliq stavkalari sobiq prezident Donald Tramp tarafidan 21 foiz qilib belgilangan edi. Bayden infrastruktura dasturini qisman ana shu soliqlarni 28 foizga ko’tarish hisobidan qoplamoqchi.
Biroq respublikachi qonunchilar nazdida, bunday chora Amerika ishchilariga salbiy ta’sir ko’rsatadi, iqtisodiy o’sishni sekinlashtiradi va kompaniyalarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini zaiflashtiradi.