Kaltaklangan o'zbekistonlik bloger Miraziz Bozorovni tashqi tashkilotlar ko’magida faoliyat yuritishda ayblagan Ichki ishlar vazirligi nishonni xorijlik jurnalist Agneshka Pikulichkaga ham qaratmoqda.
Ichki ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda “Al-Jazira” kanali jurnalisti Pikulichka O’zbekistondagi vaziyat haqida noto’g’ri axborot tarqatishda, huquq-tartibot idoralarini obro’sizlantirishda, axborot tarqatishga doir qonunlarni buzishda ayblandi.
Agneshka Pikulichka ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bloger Miraziz Bozorov kaltaklanishi ortidan O’zbekistonda “besoqolbozlar”ga nisbatan “ov” boshlangani, hatto o’zining yigiti ham shunday gumon bilan maxsus xizmatlar tomonidan so’roq qilingani haqida yozdi.
Jurnalistga ko’ra, huquq-tartibot idoralari bloger Bozorovni kaltaklaganlarni topish emas, balki “besoqolbozlik”da gumonlanganlarni qidirish bo’yicha amaliyotga kirishgan.
“Mening yigitimni maxsus xizmatlar so‘roq qilishyapti, (u jurnalist emas, faol emas, faqat kecha men bilan shifoxonada bo‘lgan). Bu noto‘g‘ri yo‘l. Hurmatli maxsus xizmatlar, sizlar odamlarga o‘ldirish bilan tahdid qilayotgan, radikallar bilan ishni hal eting”, deb murojaat qiladi ijtimoiy tarmoqlar orqali Pikulichka.
IIV axborot xizmati tarqatgan bayonotda aytilishicha, “Muxbir Agniyeska Pikulichka o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi majburiyatini unutib, axborotni buzib talqin etib va soxtalashtirib tarqatgan. Shuningdek ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste’mol qilgan” .
IIV axboroti ortidan jurnalist Pikulichka o’ziga nisbatan surilgan bu ayblovlarni inkor etdi, vazirlik bu ayblovi uchun uzr so’rashi lozimligi, qonunchilikni buzgan taqdirda sud oldida javob berishga tayyorligi haqida bayonot qildi.
IIV vazirligining jurnalistga nisbatan surayotgan ayblovlari davomli ko’rinadi, “yurtimiz haqida salbiy fikr shakllanishiga sababchi bo‘lishdan bu ayolga nima naf? Bu masalaga biz yana qaytamiz", deyiladi vazirlik axborot xizmati tarqatgan xabarda.
IIV avvalroq “besoqolbozlik”ning jinoyat sifatida tasniflanishiga qarshi chiqqan bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanishi yuzasidan bayonot bergan edi.
Bozorov avval ham “xurmacha qiliqlari aks etgan video lavhalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, o‘zining buzuq xulq-atvorini ommaga namoyish qilib kelgan”i ta’kidlangan bu bayonot kaltaklangan blogerga nisbatan ayblovga ham qiyoslangan edi.
IIV kaltaklangan Bozorovning harakatlariga baho berishda davom etar ekan, uning xorijdagi tashkilotlar ko’magida faoliyat yuritganiga diqqat qaratadi:
“Buzg‘unchi tashqi kuchlar va g‘araz niyatdagi turli xalqaro nohukumat tashkilotlar ko‘magi va qo‘llovi ostida harakat qilayotgan ushbu shaxs besoqolbozlik va shu kabi salbiy illatlarning O‘zbekiston qonunchiligida taqiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, uni ommaviy targ‘ib qilishga harakat qilgan va fuqarolarda norozilik, toqatsizlik kayfiyati shakllanishiga sabab bo‘lgan”.
Bozorovga uyushtirilgan tazyiqlarni tergov qilishga chaqirayotgan xalqaro tashkilotlar safi esa kengayib borayotgani kuzatiladi.
AQShning O’zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum LGTB bilan bog’liq zo’ravonliklarni qoralashi ortidan BMTning O’zbekistondagi doimiy vakili Helen Frayzer ham ziddiyatni xolis tekshirish zarurligiga doir bayonot bilan chiqdi.
Xalqaro amnistiya tashkiloti O’zbekistonda LGTB huquqlari bilan bog’liq so’nggi zo’ravonliklar jiddiy xavotir uyg’otayotgani, nafaqat blogerning kaltaklanishi, balki unga nisbatan bildirilgan tahdidlar yuzasidan ham tekshiruv o’tkazish lozimligiga chaqirdi.
“Besoqolbozlik”ni O’zbekiston jinoyat kodeksidan olib tashlashga chaqirgan bloger yakshanba kuni noma’lum kishilar tomonidan shafqatsiz kaltaklab ketilgan edi.
Blogerning ayovsiz kaltaklanishiga LGTB huquqlari himoyachisi sifatidagi chiqishlari, shuningdek bu borada Toshkentdagi masjit yonida norozilik o’tkazishga doir chaqiriqlari sabab bo’lgani iddao qilinadi.