AQShning IREX nohukumat tashkiloti O'zbekistonda o'z vakolatxonasini ochdi. Respublika Adliya vazirligi bu idorani ro'yxatdan o'tkazganini e'lon qildi.
Rasmiy bayonotga ko'ra, tashkilot O'zbekistonda asosan ta'lim sohasida ishlaydi. Xususan yosh avlodga yetakchilikni o'rgatish, unga sifatli bilim va axborot berishni maqsad qilgan loyihalar olib boradi
Shuningdek, IREX O'zbekiston universitetlarida ingliz tilidan dars beradigan mutaxassislar malakasini oshiradi. Talabalar uchun ham bu borada imkoniyatlarni kengaytirishni maqsad qilgan.
IREXning Toshkentdagi idorasi Xalq ta'limi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlik qiladi.
O'zbekistonda rahbariyat o'zgarganidan beri, ya'ni 2016-yildan buyon AQShnin besh nohukumat tashkiloti registratsiya qilinib, mamlakatda ish boshladi.
IREXdan tashqari American Councils for International Education, Mercy Corps, RTI International va Winrock International. Hammasi ta'lim, taraqqiyot va ijtimoiy-gumanitar dasturlari bilan tanilgan muassasalardir.
O'zbekistonning Vashingtondagi elchisi Javlon Vahobovga ko'ra, bu tashkilotlar respublikani rivojlantirishda, ayniqsa uning ta'lim va ilm-fanda olg'a siljishida hissa qo'shadi. Ular taklif qiladigan loyihalarga mamlakatda talab juda yuqori, deya bildiradi elchi.
IREX 1968-yilda asos solingan notijoriy tashkilot bo'lib, 100 dan ortiq davlatda ishlaydi. Ta'lim sohasini takomillashtirish, fuqaro jamiyati va matbuotni rivojlantirish bo'yicha dasturlar yuritadi.