AQSh va Eron o'rtasidagi bilvosita muloqot qanday kechmoqda?

  • Amerika Ovozi

AQSh va Eron rasmiylari Venada vositachi davlatlar orqali muzokara olib bormoqda.

Eron yadro dasturi bo’yicha 2015-yilgi bitimga qaytish uchun olib borilayotgan muzokaralarda siljish kuzatilayotganiga qaramay, Vashington va Tehron o’rtasida jiddiy tafovutlar saqlanib qolmoqda, dedi AQSh yetakchi rasmiylaridan biri.

Muzokaralar uzoq vaqt davom etishi kutilmoqda; shunda ham natija qanday tugashi noma’lum, deya qo’shimcha qildi rasmiy o’z ismining oshkor qilinmasligi sharti bilan.

Asosiy kelishmovchiliklar AQSh qaysi sanksiyalarni bekor qilishi va Eron bitimda belgilangan majburiyatlarini bajarishi uchun qanday choralar ko’rishi ustida.

Bitimga a’zo Yevropa davlatlari ham AQSh va Eron o’rtasidagi bilvosita muloqotda siljish borligini qayd etgan, ammo oldinda hali jiddiy to’siqlar mavjudligini ta’kidlamoqda.

Eron, Britaniya, Xitoy, Fransiya, Germaniya va Rossiya rasmiylari Venada yangi kelishuvga erishish bo’yicha bir necha bosqichli muzokaralar olib bormoqda. Agar tomonlar kelisha olsa, AQSh sobiq prezident Donald Tramp tomonidan bir tomonlama bekor qilingan bitimga yana qaytadi.

Kelasi hafta muloqotning yangi davrasi boshlanadi. AQSh vakillari ham Venada, ammo ular muloqotda bevosita qatnashmayapti. Besh vositachi davlatning vakillari ikki o’rtada qatnab, tomonlarning talab va takliflarini bir-biriga yetkazib turibdi. Tehron Vashington bilan to’g’ridan to’g’ri muloqot qilishdan bosh tortgan.

Eronning uranni qayta ishlovchi Natanz inshooti hujumga uchragach, Tehron uranni boyitish darajasi yanada oshirilishini e’lon qildi. Bu esa davom etayotgan muloqotda kelishuvga erishish ehtimolini yanada qiyinlashtirgan.

“Wall Street Journal” nashrining ikki manbaga tayanib yozishicha, AQSh Eronning markaziy banki, neft va neft tashish kompaniyalari hamda po’lat va alyuminiy kabi muhim sektorlariga qo’yilgan sanskiyalarni yumshatishga tayyor.

Tahlilchilarning aytishicha, agar AQSh 2015-yilgi bitimning qayta tiklanishini istasa, Eronga terrorizm bo’yicha qo’yilgan sanksiyalarning bir qismini bekor qilishi kerak bo’ladi. Chunki busiz Tehron o’z neftini xorijga eksport qila olmaydi.

Yevropa rasmiysiga tayanib tarqatilgan ma’lumotga ko’ra, Vashington Eronning tekstil, avtomobil sanoati, yuk tashish va sug’urta sohalarini ham sanskiyalardan ozod qilishi mumkin.

AQSh rasmiylari bu ma’lumotni tasdiqlamadi, ammo qanday sanksiyalar bekor qilinishi mumkinligi haqida Eronga misollar taqdim etilganini qayd etdi.

Yevropa rasmiylari may o’rtasigacha bitimning keyingi taqdiri haqida aniq ma’lumotlar paydo bo’lishini umid qilmoqda. May oxirida Tehron va BMT o’rtasida Eronning yadro faoliyatini kuzatib borishga oid kelishuv nihoyasiga yetadi. Shuningdek, 18-iyunda Eronda saylovlar bo’lib o’tadi.

AQSh rasmiysi maygacha natijaga erishish mumkinligi ehtimolini soqit qilmadi, ammo Vashington shu muddatgacha muzokaralarni yakunlashni maqsad qilmaganini ta’kidladi.