AQSh o’z askarlarini Afg’onistondan olib chiqishga hozirlanar ekan, Tolibonning ehtimoliy hujumlariga qarshi javob choralarini ko’rib chiqmoqda.
26-aprel kuni Qatardagi Al-Udaid havo bazasiga AQShning ikki B-52 bombardimonchi samolyoti uchib keldi. Ular kelasi oylarda Afg’onistondan olib chiqiladigan 10 ming AQSh va NATO kuchlariga havodan mudofaa ko’magini beradi.
“Kuchlarning olib chiqilishi Tolibon qarshiligiga uchrashi mumkin. Biz buni xohlamaymiz, lekin shunday bo’lishiga tayyor turishimiz va buning yuz bermasligini ta’minlashimiz kerak. Ikkinchidan, agar shu narsa yuz bersa, odamlarimizni himoya qilish uchun yetarli salohiyatga ega bo’lishimiz lozim”, - dedi Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi.
AQSh Prezidenti Jo Bayden shu oy boshida 1-maydan boshlab 2500 – 3500 atrofidagi askarlarni Afg’onistondan olib chiqish boshlanishini e’lon qilgan edi. AQSh kuchlarini to’liq olib chiqish sentabr boshigacha yakunlanishi kutilmoqda. Afg’onistondagi AQSh kuchlari qo’mondoni general Ostin Millerning aytishicha, askarlarni vatanga qaytarish allaqachon boshlangan.
“Bazalar va texnikalarni afg’on xavfsizlik kuchlariga topshiryapmiz”, - dedi u.
Uning qo’shimcha qilishicha, AQSh va NATO kuchlari ketgandan keyin mahalliy kuchlar mustaqil tarzda Afg’onistonni himoya qilishga tayyor bo’lishi kerak.
Bir qator harbiylar va tahlilchilarning aytishicha, agar tinchlik muzokaralari barbod bo’lsa, Afg’oniston xavfsizlik kuchlari Tolibonga qarshi tura olish salohiyatiga ega emas.
“Afg’on harbiylari shu paytgacha olib o’rgangan yordamsiz hozirgi hududlarini saqlab qola oladimi, degan masalada xavotirim bor”, - dedi AQSh Markaziy qo’mondonligi generali Kennet Makkenzi qonunchilar huzurida.
AQSh kuchlarini olib chiqish tafsilotlari hanuz ishlab chiqilmoqda. Pentagon so’nggi rejani shu hafta juma kuni taqdim etishi kutilyapti. Askarlar olib chiqib ketilsa-da, afg’on kuchlariga yordamni davom ettirishning turli yo’llari ko’rib chiqilmoqda.
“Shartnoma bo’yicha majburiyatlarimizni, masalan, aviatsiyaga xizmat ko’rsatish ishlarini bajarishda qanday davom etish yo’llarini ko’rib chiqyapmiz. Lekin afg’on kuchlariga yordamimiz, asosan, moliyaviy ko’rinishda bo’ladi”, - deya qo’shimcha qildi Kirbi.
Tolibon o’tgan yilgi Doxa kelishuvi asosida AQSh askarlari 1-maygacha chiqib ketishi lozimligini ta’kidlamoqda. Agar bu majburiyat bajarilmasa, guruh AQSh va koalitsiya kuchlari yana nishonga olinishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.