Prezident Jo Baydenning Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning ta’kidlashicha, Afg’oniston kelajagi haqida aniq bir xulosaga kelish o’ta mushkul. AQSh va NATO kuchlari afg’on zaminini 11-sentabrga qadar tark etgach, mamlakatda ichki vaziyatning qay tarafga o’zgarishini avvaldan bilib bo’lmaydi.
“Afg’onistonda nimalar yuz berishi borasida biror kafolat bera olmayman. Bir men emas, hech kim kafolat bera olmaydi”, - dedi Sallivan 18-aprel kuni “Fox News” kanaliga bergan intervyusida.
“AQSh Afg’oniston xavfsizlik kuchlari, hukumati va xalqiga zarur resurslar, treninglar, harbiy texnika va qurol-aslaha bilan yordam qila olishi mumkin edi. Biz buni uddaladik. Endi Amerika harbiylarining vatanga qaytishi va Afg’oniston xalqining o’z mamlakatini mustaqil himoya qilishi uchun fursat yetdi”, - deya ta’kidladi rasmiy.
Baydenning Afg’onistondan AQSh kuchlarini ortga qaytarish qarori Vashingtonda qizg’in bahs-munozaralarga aylangan. Senatda respublikachilar lideri Mitch Makkonnel prezident qarorini yirik xato va “dushmanlar ko’z o’ngida ortga chekinish” deb baholadi. Senator Lindsi Gremga ko’ra, “nodonlarcha” berilgan qaror “o’ta dahshatli”.
Shuningdek, ayrim demokratlar ham Afg’onistonni tark etish qarorini yoqlamayapti. Xususan, Xalqaro aloqalar qo’mitasi raisi senator Robert Menendezning ta’kidlashicha, AQSh uzoq yillar mobaynida kurashib erishgan natija qo’ldan ketishi mumkin.
Biroq boshqa qonunchilarga ko’ra, 2001-yilning 11-sentabrida 3 mingga yaqin odamning umriga zomin bo’lgan mudhish terakt ortidan “Al-Qoida”ga qarshi kurash uchun Afg’onistonga safarbar qilingan AQSh kuchlarini allaqachon vatanga qaytarish lozim edi. Biroq qarorga tanqidiy munosabat bildirayotganlar nazdida, AQSh kuchlari chiqib ketgach, Afg’oniston takroran terrorizm o’chog’iga aylanadi.
“CNN” muxbirlari Sallivanga Afg’oniston urushida AQSh g’alaba qozondimi, degan savolni tashladi. Rasmiyning aytishicha, AQSh o’z maqsadiga erishdi. “Al-Qoida”ning asosiy kuchlarini yo’q qildi. 2011-yilda uning lideri Usama bin Ladenni o’ldirdi.
Sallivanning izohlashicha, AQSh kuchlarining Afg’onistondan chiqishi, mamlakat “o’tgan 20 yil emas, kelgusi 20 yil kurashlariga e’tibor qaratishi lozimligini anglatadi”.
2011-yilda AQSh kuchlari Iroqdan qaytarilgach, “Islomiy davlat” jangarilari qayta kuch to’plashga muvaffaq bo’lgan. Natijada, Prezident Barak Obama Amerika askarlarini yana Iroqqa safarbar qilishga majbur bo’lgan edi. Ayni holat takrorlanishi mumkinmi degan savolga Sallivan “yo’q” deya javob berdi. Uning aytishicha, Bayden Afg’onistonga takror qo’shin kiritish fikridan yiroqda.
Facebook Forum