Tolibon tinchlik muzokaralarini davom ettirish uchun yangi shartlar qo'ymoqda. Harakat AQSh va BMTdan uning liderlarini qora ro'yxatlardan chiqarishni talab qilmoqda.
Bu orada Afg'onistonning bir necha qismida jangarilar bilan to'qnashuvlar kuzatilmoqda. Ularda AQSh va xalqaro koalitsiya askarlari ham ishtirok etmoqda. Bir paytning o'zida ulardan ayrimlari afg'on zaminini tark etishni ham boshlagan.
Tolibon uzundan-uzoq bayonot berib, xalqaro hamjamiyatga ishona olishi uchun uning yetakchilariga qo'yilgan sanksiyalarni bekor qilish zarurligini bildirgan.
"O'zaro ishonch busiz bo'lmaydi. Tolibon islomiy amirligining liderlari mutlaq oqlanishi kerak. Ularni tutish uchun e'lon qilingan mukofotlar butunlay qaytib olinsin", - deyiladi bayonotda.
Buni ham ko'ring Xorijiy qo'shinlar Afg'onistonni rasman tark eta boshladiBu sanksiyalar tarixi 1999-yilga borib taqaladi. U paytda Tolibon Afg'onistonda hukmron edi.
Keyingi ikki o'nyillikda ular kuchaytirilgan va yangilari ham joriy etilgan. Cheklovlar o'nlab keksa toliblarga qaratilgan.
Markaziy hukumatga ko'ra, jangarilar janubda haddidan oshmoqda, ularga afg'on qo'shinlari zarba bermoqda. Tolibon Bog'lon va Paktika viloyatlarida bir necha hududni bosib olgan.
Oq uy rejasiga binoan AQSh qo'shinlari 2021-yilning kuzigacha butkul chiqib ketadi. NATO tarkibidagi kuchlar ham Afg'onistondagi missiyani tugatadi.
Vashington Afg'onistondagi siyosiy taraflar orasidagi muzokaralar samara berib, murosaga asoslangan yangi hokimiyat vujudga keladi, degan umidda.
O'tgan yili Tolibon va AQSh orasida imzolangan bitimga ko'ra, yangi shartlar qabul qilinmaydi.