Din

AQSh: Dunyoda diniy erkinlik toptalishda davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken

AQSh Davlat departamenti xalqaro diniy erkinlik bo’yicha yillik hisobotini e’lon qildi. Unda dunyoning Eron, Myanma, Rossiya, Saudiya Arabistoni va Xitoy kabi davlatlarida diniy erkinlik keskin toptalishda davom etayotgani tilga olingan.

“Xitoy diniy amallarni jinoiylashtirib, musulmon uyg’urlar va boshqa ozchilik diniy va etnik guruhlarga qarshi genotsid sodir etishda, insoniyatga qarshi jinoyatga qo’l urishda davom etmoqda. Inson huquqlarini keskin toptashdagi ishtiroki, xususan, “Falungun” dindorlarini majburan hibsga olishda qatnashgani uchun dinlarni nazorat qilish bilan shug’ullangan sobiq rasmiy Yu Xuy va uning oilasiga AQShga kirishi uchun taqiq qo’yilganini e’lon qilmoqchiman”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

Xitoy insoniyatga qarshi genotsid va jinoyat sodir etganini inkor qiladi. Pekinning da’vo qilishicha, majburiy lagerlar deya atalayotgan tarbiya markazlari aslida Shinjonda ekstremizmga qarshi kurashish uchun tashkil etilgan. Davlat departamenti rasmiysi Daniel Nadelga ko’ra esa, Xitoy butun mintaqani “ochiq havodagi qamoqxona”ga aylantirdi.

Blinken Eron va Rossiya kabi boshqa davlatlarni ham dindorlarni ta’qib qilmaslikka chaqirdi.

“Nigeriyada sudlar shakkoklikda ayblangan odamlarni uzoq yillik qamoq va hatto o’limga hukm qilmoqda. Ammo hukumat 2015-yil harbiylar tomonidan qatl etilgan yuzlab shialar uchun hanuz hech kimni javobgarlikka tortgani yo’q. Saudiya Arabistoni esa dunyoda cherkovga ega bo’lmagan yagona mamlakat bo’lib qolmoqda. Vaholanki, bu yerda bir milliondan ortiq nasroniy yashaydi”, - dedi AQSh Davlat kotibi.

Blinken, shuningdek, Saudiya Arabistonini e’tiqodi bois hibsga olingan Raif Badaviy kabi shaxslarni ozod qilishga chaqirdi. Bloger Badaviy 2014-yil islomni tahqirlashda ayblanib, ming darra urish va 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi.