Koronavirusga qarshi to’liq vaksina olganlar niqob taqmasligi mumkin, degan yangi qoida bizneslar o’rtasida tushunmovchiliklarga sabab bo’lmoqda.
AQSh aholisining uchdan bir qismi koronavirusga qarshi to’liq emlandi. To’rtdan bir qismi esa umuman vaksina olish niyatida emas. AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi to’liq emlanganlar niqob taqmasligi mumkin, deb bayonot berishi ko’pchilik uchun kutilmagan hol bo’ldi.
“Agar vaksina olgan bo’lsa, ularga xavf yo’q. Agar olmagan bo’lsa, xavf bor. Bundaylar niqob taqishda davom etishi yoki yaxshisi, vaksina olishi kerak”, - dedi markaz rahbari Roshel Valenski.
Ba’zilar niqob haqidagi yangi tavsiyaning kutilmaganda chiqqanini va tushunarsiz ekanini tanqid qilmoqda, chunki kim vaksina olganini aniqlash qiyin. Bayden ma’muriyati emlanganlar uchun milliy vaksina pasporti berilmasigini ma’lum qildi. Lekin so’nggi tavsiya ortidan kim emlanganini bilish uchun vaksina kartalarini chiqarish kerakmi, degan savol yana o’rtaga chiqmoqda.
Valenskining aytishicha, so’nggi tavsiya odamlar yoppasiga niqobini yechishi uchun ruxsat emas va emlanmaganlar uchun tartib hanuz o’zgargani yo’q.
O’tgan hafta AQSh Prezidenti Jo Bayden Vitse-prezident Kamala Harris bilan niqobsiz ko’rinish berdi. U niqoblarga oid yangi ko’rsatmani Amerika uchun xushxabar, deb atadi.
Lekin mamlakat bo’ylab bu yangilik turlicha qabul qilinmoqda. Ba’zi do’konlar emlangan mijozlardan niqob talab qilishni to’xtatdi. Boshqalar esa biror o’zgarish qilishga hali shoshmayapti. Oziq-ovqat va savdo sohasida 1,3 million ishchi manfaatlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmasiga ko’ra, yangi tartib ishchi-xodimlar sog’ligini xavf ostiga qo’yishi mumkin.
“Bu narsaning ish joylari uchun ahamiyati va bizneslardan so’rayotgan narsamiz shuki, emlanish uchun ular xodimlariga ishdan haq to’lanadigan tanaffus olishni osonlashtirishi kerak”, - dedi Valenski.
Barcha shtatlarda tartib bir xil emas. Samolyot va jamoat transportlarida niqob taqish va masofa saqlash hanuz majburiy.
Ba’zi shtat va bizneslar odamlarni emlashga jalb qilishning antiqa usullarini qo’llamoqda. Vaksina olishni istaganlar bepul transport, pivo va hatto pul bilan taqdirlanmoqda. Maqsad jamiyatni tezroq normal hayot tarziga qaytarish.