Rossiyaning “Newsru” yangiliklar sayti moliyaviy sabablarga ko’ra yopilganini e’lon qildi. Nashr bayonotida Kremlni tanqid qiluvchi materiallar chop etgani uchun reklama beruvchilar ulardan uzoqlashgani aytiladi.
Rossiya telekanallari, asosan, amaldagi hukumatni yoqlovchi ommaviy axborot vositalaridan iborat. Onlayn saytlar va bosma matbuot orasida farqli yondashuvdagi nashrlar bor, ammo so’nggi yillarda hukumat bosimi, xususan, mustaqil oavlarni “xorij agenti” deb topish haqidagi hukumat qarorlari ortidan jurnalistlar uchun faoliyat yuritish tobora qiyinlashib bormoqda.
So’nggi yillarda, asosan, yangiliklarni yig’ib beruvchi sayt sifatida ish olib borgan “Newsru” iqtisodiy sabablarga ko’ra yopilayotganini, ammo asosiy omil mamlakatda siyosiy vaziyat o’zgargani bilan bog’liq ekanini aytgan.
2000-yil faoliyatini boshlagan nashr 2014-yildan boshlab vaziyat o’zgarishga yuz tutganini aytadi. Shu yili AQSh tashqi siyosati va mahalliy iqtisodiyot o’z yo’nalishini keskin o’zgartirgan.
Rossiya 2014-yil Qrimni bosib oldi, G’arb bilan sovuq urush davridagidek ziddiyatli munosabatlarga kirishdi.
Kreml mustaqil ommaviy axborot vositalari tazyiqqa olinayotganini rad etadi. Hukumatga ko’ra, onlayn nashrlar rang-barang bo’lib, odamlar axborot olish uchun turli manba va tanlovlarga ega.
Muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy qayta hibsga olingandan beri Rossiyaning G’arb bilan aloqalari yanada yomonlashdi.
“Newsru” nashrining shikoyat qilishicha, ommaviy axborot vositalari davlat ekstremist yoki xorij agenti deb atagan barcha shaxs va tashkilotlarni maqolalarda shunday nom bilan atashga majbur.
So’nggi paytlarda Rossiya bir qator ommaviy axborot vositalarini, xususan, AQSh moliyalaydigan “Ozodlik” radiosi hamda “Meduza” media portali va “VTimes” yangiliklar saytini “xorij agenti” deb tamg’aladi.
Navalniy harakatini “ekstremist tashkilot” deb topishga oid ish ayni paytda sud tomonidan ko’rib chiqilmoqda.